Surxondaryoda charm mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda

Surxondaryoda charm mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda

Angor tumanidagi Bahor mahallasida teri xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasining dastlabki bosqichi ish boshladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilayotir. Birinchi bosqichida yiliga 120 million kv.dm terini chuqur qayta ishlash va tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun korxona Italiya va Turkiya davlatlarining qiymati 13,2 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunasi bilan jihozlanib, 450 ta ish o‘rni yaratildi.

Yangi korxonani qurib, to‘liq ishga tushirish uchun tadbirkor o‘z mablag‘i va tijorat bankining kreditidan foydalanmoqda.

Janubdagi viloyatda chorvachilik yaxshi rivojlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda bir milliondan ortiq yirik shoxli va 2,5 milliondan ziyod mayda shoxli chorva mollari parvarishlanmoqda. Vohada yiliga o‘rtacha bir million donadan ortiq mayda shoxli va 500 mingga yaqin yirik shoxli mol terisi xomashyosi paydo bo‘ladi.

Angor tumanidagi “Top Quality Brand” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli korxona viloyatda teri xomashyosini sifatli qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Viloyatda bundan besh-olti yil muqaddam tadbirkorlarda terini qayta ishlashga qiziqish yo‘qligi uchun katta miqdordagi xomashyo isrof bo‘layotgan edi. Keyingi yillarda sarmoyadorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani terini qayta ishlash sanoatini yangi bosqichda rivojlantirayotir.

Jumladan, 2017 yil viloyatda atigi 100 million so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil teri xomashyosidan 210 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanishi kutilmoqda. Yoki 2017 yil 35 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda 20 million dollarlik charm-attorlik mahsuloti xorijga jo‘natiladi.

Xorijning eng so‘nggi rusumdagi uskunalari bilan jihozlangan zamonaviy korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 450 ming juft har xil turdagi erkaklar, bolalar va sport poyabzallari, 250 ming dona charm-attorlik mahsulotlari, 5 ming tonna jelatin va kollagen ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 860 ta qo‘shimcha ish o‘rni barpo etiladi. Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Germaniya, Portugaliya kabi davlatlarga 45 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Bu yerda “DEU”, “Mersedes-Bens”, “Audi” va “Toyota” avtomobillari o‘rindiqlari uchun tayyor charm yetkazib berish ham rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bir guruh nuroniylar va faollar bilan yangi korxonada bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatdi. Ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar va 20 o‘rinli dual ta’lim o‘quv markazi bilan tanishdi.

Dual ta’lim markazida Italiya va turkiyalik tajribali texnolog, marketolog hamda dizaynerlar korxonada ta’lim va amaliyot jarayonlarini uyg‘unlashtirgan holda amalga oshiradi.

Korxona “LWG” – “Charm ishchi guruhi”ning (atrof-muhit va insoniyatga zararsiz ishlab chiqarish) “Gold” xalqaro sertifikatiga ega. Bu korxonaga o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish va xorijiy brend zanjirlariga qo‘shilish imkoniyatini beradi.

Korxonaning ikkinchi bosqichi kelgusi yil foydalanishga topshiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!