Jahongir Ortiqxo‘jayev Antalyada 550 mln dollarlik loyiha boshlagani ma’lum qilinmoqda

O‘zbek tadbirkori Jahongir Ortiqxo‘jayev Turkiyada 550 mln dollarlik yirik investisiya loyihasini amalga oshirmoqda. Bu loyiha ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ortiqxo‘jayevning fikricha, O‘zbekiston va Turkiya tadbirkorlari o‘rtasida ishonch va do‘stlik aloqalari yuqori.
O‘zbek ishbilarmoni Jahongir Ortiqxo‘jayev Turkiyaning Antalya shahrida 550 mln dollarlik yirik investisiya loyihasini boshladi. Loyiha doirasida turar-joy, mehmonxona va savdo markazi qurilishi rejalashtirilgan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev bu loyihani turk sheriklari bilan birgalikda amalga oshirmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu investisiya Turkiyada turli sohalarda biznes muhitini kengaytirishga va ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. U Antaliyada olib borilayotgan qurilish ishlari 2027–2028 yillarda to‘liq yakunlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Ortiqxo‘jayev Turkiyada ish olib borish jarayonida hech qanday byurokratik to‘siqlar va muammolarga duch kelmaganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonlik investorlar Turkiyada o‘zini o‘z vatanidagi kabi erkin his qiladi, shuningdek, turk tadbirkorlari ham O‘zbekistonda bemalol va ishonch bilan faoliyat yuritish imkoniga ega.
Jahongir Ortiqxo‘jayev nafaqat investisiya, balki O‘zbekistonda ta’lim va turizm sohalariga ham katta hissa qo‘shmoqda. Uning universiteti dunyo bo‘ylab tanlangan professorlarni jalb qilib, sifatli ta’lim berishni maqsad qilgan. Universitetda foyda emas, balki mamlakat kelajagi ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlanmoqda.