Sobiq transport vaziri qimmatbaho sovg‘alar olgani uchun bir yilga qamaldi
Singapurning sobiq transport vaziri Subramaniam Isvaran biznesmenlardan noqonuniy qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilish va odil sudlovga to‘sqinlik qilishda ayblanib, bir yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud hukmni 3 oktyabr kuni chiqardi, deya xabar beradi Reuters va AP. Bu Singapurda so‘nggi 40 yil ichida vazir bilan bog‘liq birinchi korrupsiya ishi hisoblanadi.
62 yoshli Isvaran 13 yil davomida Vazirlar Mahkamasi va Singapurning yetakchi siyosiy partiyasi — «Xalq harakati» a’zosi bo‘lgan. Avvaliga sobiq vazirga 35 ta band bo‘yicha ayblov qo‘yilgandi, biroq keyinchalik prokurorlar ularni beshtaga qisqartirgan. Tergov boshida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan siyosatchi barcha bandlar bo‘yicha aybiga iqror bo‘ldi.
Prokuratura Isvaran uchun olti oydan yetti oygacha qamoq jazosini so‘ragan edi, biroq sudya Vinsent Xung sobiq vazir jinoyatlarining og‘irligi va ularning jamoatchilik ishonchiga ta’sirini hisobga olib, bu jazo «aniq yetarli emas», dedi.
«Davlat institutlariga bo‘lgan ishonch samarali boshqaruvning asosi bo‘lib, bu davlat xizmatchisining halollik va javobgarlik me’yorlaridan pastlashi orqali osonlikcha buziladi», — dedi u Isvaranga hukm chiqarar ekan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Isvaran transport vaziri bo‘lib ishlagan vaqtida ishbilarmonlar, jumladan, malayziyalik milliarder Ong Beng Sengdan sovg‘alar qabul qilgan. Sovg‘alarga Premyer-liga futbol o‘yinlariga chiptalar, Vest-End myuzikllari, «Formula 1» Gran-prisi va shaxsiy samolyot parvozlari kiradi. Ularning umumiy qiymati 300 ming dollardan ortadi.
Isvaran bilan bog‘liq ish o‘zining «benuqson toza hukumati» bilan faxrlanadigan Singapurni hayratda qoldirdi, deb ta’kidladi Reuters. O‘tgan yili mamlakat Transparency International tashkilotining korrupsiya indeksida dunyoda beshinchi o‘rinni egallagan edi. Singapurlik vazirlar ham dunyodagi eng yuqori maosh oladiganlar qatoriga kiradi, ularning o‘rtacha yillik maoshi taxminan 834 ming dollarni tashkil qiladi. Bunday yuqori maoshlar amaldorlarni pora olishdan qaytarishga qaratilgan.
Singapurda so‘nggi marta 1986 yilda vazir korrupsiya bo‘yicha tergov qilingan edi. O‘shanda milliy taraqqiyot vaziri Te Cheang Van gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan va ayblov qo‘yilishidan avval o‘z joniga qasd qilgan.