Namanganda yuzlab avtomobillar noqonuniy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani aytilmoqda. Ish respublika darajasida tergovda
Vodiy viloyatlarida mashinalarni noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Ular orasida YHXB xodimlari ham bor. Ulardan biri viloyat ichki ishlar tizimida yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorga haydovchilik qilgani aytilmoqda.
Namanganda avtomobillarni noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh aniqlangan. Ular bu faoliyatni butun vodiy viloyatlari bo‘yicha amalga oshirib kelgan. Jinoiy guruhning ayrim a’zolari hozirda qamoqqa olingan va ish respublika darajasida tergov qilinmoqda. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.
Bir-biridan mustaqil ikki manbaning aytishicha, jinoyat ishi ko‘lami juda katta, fuqarolar va davlatga milliardlab so‘mlik zarar yetkazilgan. Ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlanib qamoqqa olingan shaxslar orasida YHXB xodimlari ham bor. Jumladan, ulardan biri Namangan viloyati IIB YHXBda ishlagani va bir vaqtning o‘zida viloyat ichki ishlar tizimidagi yuqori lavozimda ishlovchi mansabdorga haydovchilik qilgani aytilmoqda.
Noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan transport vositalari soni vodiy bo‘yicha bir necha yuzni tashkil qiladi. Gumonlanuvchilar auksion savdolariga chiqarilishi kerak bo‘lgan transport vositalarini, chet ellardan, jumladan, Qirg‘izistondan olib kelingan mashinalarni “rastamojka”siz davlat ro‘yxatidan o‘tkazib yuborgan. Ya’ni O‘zbekistonda ro‘yxatga olinmagan transport vositalariga davlat raqami hamda “texpasport” to‘g‘rilab berishgan.
Tergov doirasida shubhali mashinalar ekspertiza uchun egalaridan olib qo‘yilgan. Fuqarolar qariyb yarim yil oldin olib ketilgan mashinalari hamon qaytarilmayotganini aytishmoqda. Kun.uz shunday fuqarolardan biri bilan suhbatlashdi. Uning Lacetti mashinasi “kuzov raqami almashgani” uchun 6 oy oldin ekspertizaga olib ketilgan.
“Qarz ko‘tarib, 16 ming AQSh dollariga sotib olgandim. Oldi-sotdi jarayonida hammasi qonuniy bo‘lgan: “MRO” tekshirgan, notarius tasdiqlagan. Kuzov raqami almashgan ekan, ekspertiza qilamiz deya olib ketishganiga 6 oydan o‘tyapti. To‘g‘risi, tirikchiligim shu mashina ortidan, uni kira qilaman deb olgandim. Endi ushbu holatdan qarzga kiryapman. Men mashinani hamqishlog‘imdan sotib olganman, u esa o‘sha jinoyatda gumonlanayotganlardan olgan. Ular hozir qamoqda, tergov ketyapti”, deydi u.
Fuqaroning qo‘shimcha qilishicha, transport vositasi tergov doirasida olib ketilganlar ancha ko‘p.
Gumonlanuvchilar soni va ularga Jinoyat kodeksining qaysi moddasi bilan ayblov qo‘yilayotgani hozircha aniq emas.