Sirdaryoda qing‘ir yo‘lga kirgan ayolga hukm o‘qildi

Sirdaryoda qing‘ir yo‘lga kirgan ayolga hukm o‘qildi

Dinara Mametova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) dastlab sodir etgan jinoyati uchun Farg‘ona viloyat Qo‘qon shahar sudining 2019 yil 2 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 276-moddasi 2-qismi “a” bandiga ko‘ra, 3 yil ozodlikdan cheklash bilan jazolangan edi. Aslida, bu jazo unga qilmishidan tegishli xulosa chiqarib, hayotda to‘g‘ri yo‘lni topib olishi uchun berilgan bir imkoniyat edi. Ammo Dinara bu imkoniyatning qadriga yetmadi. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, bu bag‘rikenglikning ustidan toptab, yana jinoyat sodir etdi. Oqibatda oilasi, yaqinlari, murg‘ak farzandlari oldida yuzi shuvut bo‘ldi.

Mutal ulfatlaridan tanishi Dinaraning kuchli ta’sir qiluvchi, sotilishi taqiqlangan dori vositasi, ya’ni “Lyrika” dorisini sotayotganligini eshitib, tinchini yo‘qotdi. Chunki u shu kunlarda bu tabletkaning “giyohvandi”ga aylanib qolayotganlar o‘rtasida yoshlar ko‘payib borayotganligidan xabardor edi. Nima qilib bo‘lsa ham bu psixotrop dorilarning savdosiga chek qo‘yishga ahd qildi.

Dinara oilali, ikki nafar farzandning onasi. Guliston shahridagi o‘z uyida oilasi bilan istiqomat qiladi. Bugun kichik farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan yaqinlari, do‘stlarini mehmonga chaqirgan. Turmush o‘rtog‘i Ruslan bilan mehmonlarni qanday kutib olish haqida gaplashib olarkan, uni ro‘zg‘orga kerakli mahsulotlarni olib kelish uchun do‘konga jo‘natdi. Shu mahal telefoni jiringlab qoldi. Tanishi Mutal ekan, Mutal unga “Lirika” dorisi juda zarur bo‘lib qolganligini, o‘zi uchun kerakligini aytib, topib berishini so‘radi. Topib bersa, puli naqdligini aytdi. Shu chog‘ Dinaraning yodiga yotoqxonada bekitib qo‘ygan dorilari tushdi. “Lirika”ning narxi falon so‘m, qolaversa hozir bu dorini dorixonalarda sotish taqiqlanganligi uchun pul bo‘lsa ham uni topish amrimahol. O‘zi ishsiz, shu kunlarda pulga muhtoj bo‘lib yuribdi. Kim bilib o‘tiribdi, sotsa harna pul. Shu fikrlar miyasida g‘ujg‘on o‘ynarkan, Mutalga dori borligini, lekin donasi 30 mingdan sotilishini aytdi. Mutal ham bugunoq borib olishini aytib, telefonni o‘chirdi. Dinara kayfiyati xush, kechqurun bo‘ladigan mehmondorchilikka tayyorgarlikni boshladi.

Kechqurun hamma mehmonlar yig‘ilib, ziyofat endi qizigan pallada Dinaraning telefoni jiringladi. Mutal uning uyi oldiga kelganligini aytib, dorilarni chiqarib berishini so‘radi. Dinara oshxonaga o‘tib, u bilan gaplasharkan, hozir uydan chiqolmasligini, uyning orqasidagi deraza yoniga kelishini aytdi. O‘zi esa dorilarni olib, ichkaridagi xonaga o‘tdi. Deraza oldida turgan Mutalga 20 dona “Lirika”ni berib, 600 ming so‘mni naqd sanab oldi. So‘ng pullarni shkafda turgan vaza ichiga bekitib, mehmonlar oldiga yo‘l oldi.

Ziyofat qizigandan qizidi. Mutal ketgach, oradan ikki soatlar o‘tib, eshik taqilladi. Yana biror kim mehmonga kelganmikin degan taxminda eshikni ochgan Dinara ostonada turgan ichki ishlar xodimlarini ko‘rib unchalik hayron qolmadi. Ayolning ozodlikdan cheklash jazosi qoidalariga amal qilayotgan yoki qilmayotganligini nazorat qilish maqsadida IIB xodimlari bu xonadonga tez-tez kelib turishardi. Ushbu bahona bilan kirib kelgan IIB probasiya xodimlari Dinaraga “Lirika” dorisini sotishda gumon qilinayotganligini aytib, uyni tintish uchun ruxsatnomalarini ko‘rsatishdi. Uyni tintish davomida vaza ichidagi 600 ming so‘m pullar topilganida Dinara hech qanday dori sotmaganligini, bu pullarni tanishi Mutal olgan qarzini qaytarish uchun berib ketganligini aytib, oyoq tirab turib oldi. Ammo tashqarida turgan Mutal uyga kiritilib, Dinara bilan yuzlashganida va barcha bo‘lgan voqelarni aytib, 20 dona tabletkalarni olib chiqib berganida, olingan pullardagi maxsus belgilar ko‘rsatilganida Dinara barcha aybiga iqror bo‘ldi. Oilaviy sharoitini va ikkita yosh bolasi borligini aytib, qonuniy yengil jazo berishlarini so‘radi. Ammo bu sabablar uning yodiga ushbu jinoyatlarni sodir etmasidan avvalroq tushganida edi, balki bugun sud hukm qilgan navbatdagi jazoni o‘tamayotgan bo‘lardi.

Hayotda katta-kichik muammolar albatta bo‘y ko‘rsatib turadi. Ammo ularning yechimi hech qachon egri yo‘l bilan hal bo‘lgan emas. Shuning uchun ham jinoyat ko‘chasining boshi berk deb bekorga aytmaydilar.

 

Muzaffar Omonov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!