Shvesiyada Qur’on yoqish aksiyalarini o‘tkazgan iroqlik qochqin otib o‘ldirildi

Stokgolmning janubi-g‘arbida joylashgan Syodertelye shahrida islomga qarshi aksiyalari bilan tanilgan Iroq fuqarosi Salvon Momika o‘ldirildi. Shvesiya ommaviy axborot vositalarining ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat o‘tgan tun sodir bo‘lgan.
Polisiya hozircha rasmiy ravishda qurbonning shaxsini tasdiqlamadi, ammo qotillikda gumon qilinib besh kishi qo‘lga olingani allaqachon ma’lum. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Momika o‘limidan oldin TTikTok'da jonli efir olib borgan, shuning uchun hujumning ayrim lahzalari videoga tushib qolgan bo‘lishi mumkin.
Momika 2018 yilda Iroqdan Shvesiyaga kelgan va o‘zini ateist deb atagan, garchi nasroniy oilada tug‘ilgan bo‘lsa ham. 2023 yilning yozida u Stokgolmdagi masjid oldida Qur’onni yoqib yuborgan. Ushbu va shunga o‘xshash boshqa aksiyalar ko‘plab musulmon davlatlarining g‘azabini keltirgan, natijada Shvesiya diplomatik inqirozga duch kelgan.
O‘ldirilgan vaqtida Momika Qur’on yoqish bo‘yicha sud ishi doirasida tergov ostida bo‘lgan va o‘sha kunning o‘zida sud hukm chiqarmoqchi edi. Avvalroq Shvesiya migrasiya xizmati uni yashash guvohnomasi uchun yolg‘on ma’lumot bergani sababli deportasiya qilishga harakat qilgan, biroq bu amalga oshmagan.
Kim uning o‘limiga aloqador bo‘lishi mumkinligi hozircha noma’lum. Polisiya faqat bir nechta gumondorlar hibsga olinganini ma’lum qildi.