«Sherikligimizning eng yaxshi kunlari hali oldinda» – Ursula fon der Lyayen
Co‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi bir-biriga misli ko‘rilmagan darajada yaqinlashdi. Bu haqda Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 6 noyabr kuni «O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari» biznes-forumining ochilish marosimidagi videomurojaatida gapirdi.
Evropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assosiasiyasi (EUROUZ) tomonidan hamkorlikni mustahkamlash va yangi ishbilarmonlik imkoniyatlarini yaratish maqsadida tashkil qilgan tadbirda O‘zbekiston va YEIning 300 dan ziyod hukumat va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.
Evrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen o‘z videomurojaatida O‘zbekistonning jahon savdo va investisiyalardagi roli ortib borayotgani, shuningdek, muhim geosiyosiy mavqega ega ekanini ta’kidladi.
«Siz nafaqat Osiyoda, balki global savdo yo‘nalishlari va investisiya oqimlarida ham o‘z markaziy o‘rningizni qaytarmoqchisiz. Yevropa esa O‘zbekistonning ming yillik tarixidagi ushbu yangi bobda sizning hamkoringiz bo‘lishni istaydi», – dedi Ursula fon der Lyayen.
EK prezidenti yaqin istiqbolda Bryussel va Toshkent robitalarida ikki muhim voqea kutilayotganini qayd etdi.
«Tez orada O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida investisiya va savdoni yanada ko‘paytiradigan yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz. Men kelgusi yili Samarqand shahrida tarixda ilk bor o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitini sabrsizlik bilan kutmoqdaman. O‘zbekiston va YEI o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan shu pallada bir narsaga aminman: sherikligimizning eng yaxshi kunlari hali oldinda!» – dedi u.
O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov YEI kompaniyalari bilan umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Yevropa kapitali ishtirokida 1000 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular uchun elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, tog‘-metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.
EIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas tusga ega islohotlarning natijalar, iqtisodiyotning ochiqligi va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuksak baholab, Yevropa kompaniyalarini turli sohalardagi qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Diplomat 2023 yilda ikki o‘rtadagi savdo ko‘rsatkichi 5 milliard yevrodan oshganini ham ma’lum qildi.
Tadbir yakunida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Xomashyoning qo‘shilgan qiymatini yaratish barqaror zanjirlari sohasida strategik sheriklik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirishga doir «Yo‘l xaritasi» imzolandi.
Keyingi yillarda Toshkent va Bryussel hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.
2023 yil 22 noyabr kuni O‘zbekistonning YEI Preferensiyalarning bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha benefisiar maqomi yana to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Joriy yil 5 aprel kuni tomonlar juda ham muhim bo‘lgan xomashyo (CRM) sohasida barqaror narx-navo zanjirini rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv bayonnomasini imzoladi.
EI ilgari O‘zbekistonni faqat qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi islohotlar borasida qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, endilikda hamkorlik ufqi ancha kengaydi.