Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlari va faxriylarni kasb bayrami bilan tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prokuratura xodimlarini 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni bilan tabrikladi.
Hurmatli soha xodimlari, muhtaram faxriylar!
Sizlarni 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori prokuratura organlari faoliyatida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Tizim xodimlari xalqqa yaqin bo‘lib, inson qadri, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini, qonun ustuvorligi va adolatni bevosita joylarning o‘zida ta’minlay boshladi.
Ayniqsa, ular doimiy qabullar tashkil etib, fuqarolar muammolarini hal qilishda faol ishtirok etmoqda. Birgina o‘tgan yilda qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, salkam 29 ming nafar tadbirkorning masalasi yechib berilgani faoliyatingiz samarasini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Qurilish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, xotin-qizlar va yoshlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, yoqilg‘i-energetika va ekologiya yo‘nalishlarida, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilgani ham ijobiy natija bermoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, yashirin iqtisodiyotga barham berish borasida ko‘rilgan choralar tufayli davlat byudjetiga 22 trillion 300 milliard so‘m qo‘shimcha tushum undirilgani, qurilish sohasida byudjetdan 3 trillion 900 milliard so‘m ortiqcha xarajat qilishning oldi olinib, ushbu mablag‘lar qo‘shimcha ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etishga yo‘naltirilganini ta’kidlash lozim.
Kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish va tizimli profilaktika ishlari asosida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, og‘ir toifadagi mahallalar sonini qariyb 1,5 barobar kamaytirishga erishildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tgan davrda 10 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 1 trillion 800 milliard so‘m zarar undirildi, 13 mingdan ortiq shaxsning faoliyati legallashtirilib, ular tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus tuzilma tashkil etilgani axborot-kommunikasiya texnologiyalari yordamida amalga oshirilayotgan xurujlarni aniqlash, ushbu sohada malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Hurmatli soha xodimlari!
Prokuratura idoralari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, tizimga ilmiy yondashuv va ish uslublarini izchil joriy etish, bilimli, tashabbuskor va jonkuyar malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha bugun oldimizda dolzarb vazifalar turganini sizlar albatta yaxshi tushunasiz.
Jumladan, tergov jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirishda prokuratura organlarini ham nazorat idorasi, ham tergovchilarni tayyorlaydigan tizim sifatida yanada rivojlantirish – bu zamon talabi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yangi bosqichga ko‘tarilayotgan hozirgi davrda prokurorlik faoliyatida ochiqlikni yanada kuchaytirish, sizlar xizmat qilayotgan tizimda va boshqa sohalarda ushbu illatga chek qo‘yishda har bir xodim namuna bo‘lishi kerak. Chunki el-yurtimiz prokuratura organlarining xizmatchilari timsolida qonun posbonlari va adolat himoyachilarini ko‘radi.
Sizlar bunday munosabatni qadrlab, xalqimiz ishonchini oqlash uchun bundan buyon ham sidqidildan mehnat qilasiz, deb ishonaman.
Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlab, sizlarga mustahkam sog‘liq, g‘oyat mas’uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
