Myanmadagi vayronkor zilzila sabablari ma’lum qilindi

Olimlar Myanmada 28 mart kuni sodir bo‘lgan dahshatli zilzila sabablarini tahlil qilishdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 3 mingdan ortiq odam uning qurboni bo‘lgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, falokatga tez va uzoq masofada sodir bo‘lgan noyob, o‘ta kuchli zilzila sabab bo‘lgan.
Zilzila Birma va Zond plitalari orasidagi yirik tektonik tuzilma bo‘lgan Sagaing yorig‘i hududida sodir bo‘ldi.
Tadqiqot zilzila paytida yangi geologik yoriq paydo bo‘lganligini ko‘rsatdi. U soniyasiga 3 kilometr tezlikda harakatlanib, 400 kilometrga tarqaldi. O‘ta kuchli zilzilalarda yoriq u hosil qiladigan seysmik to‘lqinlardan tezroq harakat qiladi. Bu seysmik energiya konsentrasiyasiga olib keladi va oddiy zilzilalarga qaraganda ancha katta zarar keltiradi.
Olimlarning qayd etishicha, bunday zilzilani tovushdan tez uchadigan reaktiv samolyot bilan solishtirish mumkin. 7,7 magnitudali silkinishlar Sagaing yorig‘ining 200 kilometrlik qismining yorilishiga sabab bo‘lgan. Tektonik plitalarning g‘ayrioddiy tez harakatlanishi zararni yanada kuchaytirdi va zilzila epimarkazdan 1000 kilometrdan ortiq masofada sezildi.
AQSh Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Myanmadagi zilzila yerdan atigi 10 kilometr pastda sodir bo‘lgan.