Osiyo bozorlaridan keyin Yevropa fond bozorlarida pasayish boshlandi

Osiyo bozorlaridan keyin Yevropa fond bozorlarida pasayish boshlandi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Savdo boshida Germaniyaning DAX indeksi 10 foizgacha tushdi. Eng yirik yevropalik kompaniyalarni birlashtiruvchi Stoxx Europe 600 indeksi 5,1% ga pasaydi.
Britaniyaning FTSE 100 indeksi 6 foizga, Fransiyaning Cac 40 indeksi esa 7 foizga tushdi.
Finmarket nashrining qayd etishicha, eng katta pasayishlar mudofaa va sanoat kompaniyalari aksiyalarida kuzatilgan. Germaniyaning qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi Rheinmetall konserni aksiyalari 27 foizga arzonlashdi, shundan so‘ng savdo to‘xtatildi.
Tayvanning fond bozori 9,7 foizga tushib yopildi, bu tarixdagi eng katta pasayish bo‘ldi. Gonkong fond birjasi 13,12% qiymatini yo‘qotdi, bu 1997 yildan beri eng yomon ko‘rsatkich. Singapurning Straits Times indeksi 7,7% ga arzonlaahib, so‘nggi 16 yildan ortiq vaqt ichidagi eng katta bir kunlik pasayishni qayd etdi.
CNBC telekanali boshlovchisi Jim Kramerning aytishicha, agar Tramp global tarif rejimini yumshatmasa, AQSh 1987 yildagi “Qora dushanba”ga o‘xshash bozor qulashi bilan yuzma-yuz kelishi mumkin.
Bundan tashqari, Brent markali neftning bir barreli uchun 63 dollardan arzonlashdi, neft narxi oxirgi besh savdo kunida 15 foizga pasaydi.