Senat Raisi Qashqadaryo viloyatidagi qator sanoat korxonalarida bo‘ldi

Senat Raisi Qashqadaryo viloyatidagi qator sanoat korxonalarida bo‘ldi

Xabar berib borayotganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi amaliy tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turipti.

Tashrif doirasida Tanzila Narbayeva viloyatdagi qator korxonalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Qashqadaryo viloyatida bugun sanoat jadal rivojlanib, ishlab chiqarish quvvatlari kengayib bormoqda. Kasbi tumanidagi loyiha qiymati 2,2 mln dollar bo‘lgan «SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasi ham shular jumlasidan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 500 nafar ish o‘rni yaratilgan.

Senat Raisi asosan tuman hududida istiqomat qiluvchi ayollar faoliyat olib boradigan korxonada ularga yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Korxonada o‘quv markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, uni bitirgan xotin-qizlar shu yerning o‘zida ish bilan ta’minlanmoqda.

Shuningdek, T.Narbayeva Koson tumani Mesit mahallasidagi “Bunyodkor” paxta-to‘qimachilik klasteriga tegishli tikuvchilik korxonasida ham bo‘ldi. Klasterda paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq sanoat «zanjiri» yaratilgan. Turkiya va Italiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Yuqori sifatli kiyim-kechaklar eksportga ham yo‘naltirilmoqda.

320 nafar ish o‘rni yaratilgan korxona mutasaddilari va xodimlari bilan suhbat jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan ayollarni ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Qarshi shahridagi «Buyuk Turon» kichik sanoati zonasi Senat Raisining navbatdagi tashrif manzili bo‘ldi. Bu yerda «S-Smart» brendi ostida so‘nggi avlod televizorlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi.Vohada yashona bo‘lgan korxona mahsulotlari mahalliy bozorda talabgor bo‘lishi bilan birga, horijga ham eksport qilinmoqda.

Bu yerda xotin-qizlarning elektronika sohasida ishlayotgani va mahalla yoshlari ham ish bilan ta’minlangani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, shu kabi korxonalar ko‘paysa, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yanada yaxshilanishi ta’kidlab o‘tildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!