Saudiya Arabistonida Rojdestvo va boshqa diniy bayramlarni nishonlashga ruxsat berildi
Mamlakatda yashayotgan 13 milliondan ortiq musulmon bo‘lmagan aholining huquqlari kengaytirildi.
Saudiya Arabistonida musulmon bo‘lmagan diniy bayramlarni nishonlashga ruxsat berildi. Mamlakat valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud saudiyaliklar hamda qirollik hududida yashayotgan xorijiy fuqarolarga Rojdestvo va boshqa xristian hamda yahudiy bayramlarini nishonlashga ruxsat beruvchi fatvoni imzolaganini ma’lum qildi.
Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Valiahd shahzoda ushbu qarorni mamlakatda diniy siyosatga yangicha yondashuv va Islom talqinini qayta ko‘rib chiqish jarayoni bilan izohladi.
Uning ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonida shakllantirilayotgan yangilangan diniy yondashuv boshqa din vakillarining e’tiqod erkinligini hurmat qilishni nazarda tutadi.
Shu tariqa, qirollik hududida istiqomat qilayotgan taxminan 13 million nafar musulmon bo‘lmagan aholining huquqlari kengaytirildi. Ularning katta qismini nasroniylar tashkil etadi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Ar-Riyod va Jidda kabi yirik shaharlarda xususiy va yarim ommaviy Rojdestvo tadbirlarini o‘tkazishga rasmiy ruxsat berilgan.
Xususan, 2022 yilda Rojdestvo archalari va bayramona yoritgichlarni o‘rnatishga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan edi.
Shuningdek, 2023–2024 yillarda mamlakatda Rojdestvo yarmarkalari, tematik konsertlar, mehmonxonalar va turistik majmualarda bayram dasturlari tashkil etila boshlandi.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar Saudiya Arabistonining global dunyoga ochiqligi, madaniy xilma-xillikka hurmat va turizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarining bir qismi hisoblanadi.
