Olimlar ogohlantirmoqda: kelgusi urush hududlar uchun emas, inson miyasi uchun olib borilishi mumkin
Kelajakdagi urushlar an’anaviy qurollar emas, inson ongi va qaror qabul qilish qobiliyatiga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniyadagi Bredford universiteti olimlari ogohlantirmoqda.
Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, bugun depressiya yoki posttravmatik stress sindromini (PTSR) davolash uchun qo‘llanilayotgan neyrotexnologiyalar ertaga inson irodasini bosish, xotirasi, qo‘rquvi, uyqusi va xulq-atvorini nazorat qilish vositasiga aylanishi mumkin. Bu turdagi ta’sir vositalari shartli ravishda «neyroqurol» deb atalmoqda.
Olimlar Maykl Krouli va Malkolm Dando yangi kitobida miyaga ta’sir qilish bo‘yicha tajribalar ilgari ham mavjud bo‘lganini eslatadi. Xususan, SRU va SSSR davrida o‘tkazilgan maxfiy tadqiqotlar, shuningdek, 2002 yilda Moskvadagi «Dubrovka» teatrida qo‘llangan fentanil asosidagi gaz misol qilib keltiriladi. O‘shanda garovga olingan 120 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, holbuki bu «chora-tadbir» sifatida izohlangan edi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bugun neyroilm va sun’iy intellekt taraqqiyoti miyaning muayyan zonalariga aniq va maqsadli ta’sir o‘tkazish imkonini berayapti. Xalqaro huquq esa bunday xavf-xatarlarga tayyor emas.
Olimlar neyroqurollardan foydalanish ehtimoli insoniyat uchun jiddiy tahdid ekanini, bu sohada xalqaro nazorat va qonunchilikni zudlik bilan ishlab chiqish zarurligini ta’kidlamoqda.
