Isroil Somalilend Respublikasini mustaqil va suveren davlat sifatida tan oldi
Isroil Somalidan ajralib chiqqan Somalilend Respublikasini mustaqil va suveren davlat sifatida rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi. Bu haqda Isroil bosh vaziri matbuot xizmati xabar bermoqda.
Somalilendni tan olish to‘g‘risidagi deklarasiyani Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Somalilend prezidenti Abdurahmon Muhammad Abdullohiy ikki davlat rahbarlarining videokonferensiyasidan so‘ng imzoladi. Har ikki davlat rahbari to‘laqonli diplomatik munosabatlar o‘rnatish, jumladan, elchilar almashish va elchixonalar ochishni boshlashga kelishib oldi.
Netanyahu bu qadamni tarixiy deb atadi va iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va texnologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga umid bildirdi. Shuningdek, Isroil Somalilend prezidentini rasmiy tashrif bilan mamlakatga taklif qildi.
Somalilend - Sharqiy Afrikaning shimolidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan davlat bo‘lib, 1991 yilda Siad Barre rejimi qulaganidan keyin Somali tarkibidan ajralib chiqqan. U shundan beri amalda mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritadi: o‘z hokimiyat organlari, konstitusiyasi, valutasi, armiyasiga ega va muntazam ravishda saylovlar o‘tkazadi.
Somalining qolgan qismiga nisbatan barqarorligi va xavfsizligiga qaramay, Somalilend o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida xalqaro miqyosda tan olinmagan va rasmiy ravishda jahon hamjamiyati tomonidan Somalining bir qismi deb hisoblangan.
