Antep kashtachilik san’ati YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi
2025-yil 8-13 dekabr kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi hamda Gaziantep shahar hokimiyati bilan hamkorlikda tayyorlangan Antep kashtachilik san’ati mamlakat nomidan YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu qaror bilan Turkiyaning YUNESKO nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidagi elementlar soni 32 taga, ko‘p millatli fayllar soni esa 14 taga ko‘paydi. Shu tariqa Turkiya YUNESKO ro‘yxatida dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Antep kashtachilik san’ati asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, chuqur ildiz otgan kashtachilik texnikasidir. Unda oq mato ustiga oq ip bilan ishlanib, iplarni tortish va kesish orqali nafis naqshlar hosil qilinadi. Katta mehnat va yuksak mahorat talab etadigan bu hunarmandchilik ayollar uchun muhim daromad manbai bo‘lish bilan birga, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi. YUNESKO baholash hisobotida Antep kashtachilik san’ati bo‘yicha taqdim etilgan hujjatning batafsil va mukammal tayyorlangani alohida e’tirof etilib, Turkiyaning tirik madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan sa’y-harakatlari yuksak baholandi.
“Turkiya tirik merosni himoya qilish va dunyo bilan baham ko‘rishda qat’iy qadamlar bilan o‘z yo‘lini davom ettirmoqda”
Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ushbu muvaffaqiyat munosabati bilan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday dedi: “Antep kashtachilik san’ati Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKOning nomoddiy madaniy meros bo‘yicha 20-yig‘ilishida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Shu bilan birga, YUNESKO ro‘yxatiga kirgan Turkiyadagi tirik madaniy meroslar soni 32 taga yetdi va mamlakatimiz dunyoda eng ko‘p madaniy elementlari ro‘yxatga olingan ikkinchi davlat sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi”.
Mehmet Nuri Ersoy Gaziantep shahar hokimiyatining Tirik meros va madaniy faoliyatlar bosh boshqarmasi hamda ushbu jarayonga hissa qo‘shgan barcha manfaatdor tomonlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
“Asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan, oq mato ustiga oq ip bilan ishlanadigan Antep kashtachiligi nafis ijrosi bilan bir qatorda, hududdagi ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga qo‘shayotgan hissasi bilan ham alohida e’tiborga loyiq bebaho merosdir.
Turkiya tirik madaniy merosni asrab-avaylash va uni dunyo bilan baham ko‘rish borasida qat’iyat bilan o‘z yo‘lida davom etadi”, - deya qo‘shimcha qildi vazir Mehmet Nuri Ersoy.
YUNESKO bo‘yicha Turkiya Milliy komissiyasi raisi, professor O‘jal O‘g‘uz ham Turkiyaning YUNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatida 2-o‘rindaligini ta’kidlab, “Turkiya nomoddiy madaniy meros bo‘yicha dunyodagi eng muvaffaqiyatli davlatlardan biri”, - dedi.
Ma’lumot uchun, YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatida Xitoy birinchi, Turkiya ikkinchi, Fransiya uchinchi, Eron to‘rtinchi va Xorvatiya beshinchi o‘rinda qayd etilgan.
