Kennedi markazi vakili nom o‘zgartirilgani uchun Trampni sudga berdi
AQShning Ogayo shtatidan demokrat kongressmen Joys Bitti Vashingtondagi Kennedi markazi nomining o‘zgartirilgani munosabati bilan prezident Donald Tramp va uning tomonidan tayinlangan boshqaruv kengashi a’zolariga qarshi sud da’vosini kiritdi.
Da’voda ta’kidlanishicha, Tramp o‘zini Kennedi markazi boshqaruv kengashi raisi etib tayinlaganidan so‘ng, kengash markaz nomini Donald J. Tramp va Jon F. Kennedi nomidagi Ijro san’ati markazi deb o‘zgartirish uchun ovoz bergan. Oradan bir kun o‘tib, binoga Tramp nomi Kennedining ismi ustiga yopishtirilgan.
Joys Bitti bu qarorni «qonunni ataylab buzish» deb baholab, Kennedi markazi nomi qonun bilan belgilangani sababli uni o‘zgartirish faqat Kongress qarori bilan amalga oshirilishi mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, ovoz berish vaqtida u e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan, ammo virtual yig‘ilishda ovozi o‘chirib qo‘yilgan.
Nom o‘zgarishi demokratlar, shuningdek, Kennedi oilasi a’zolarining keskin qarshiligiga sabab bo‘ldi. Tanqidchilar buni Tramp ma’muriyatining Vashingtonda jamoat makonlarini o‘z siyosati va shaxsiy imijiga moslashtirishga qaratilgan navbatdagi qadami, deb hisoblamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp fevral oyida markaz boshqaruvini qo‘lga olganidan so‘ng, chiptalar savdosi keskin kamaygan, ayrim san’atkorlar esa u yerda chiqish qilishdan bosh tortgan.
Oq uy va Kennedi markazi matbuot xizmati hozircha ushbu da’vo yuzasidan rasmiy izoh bermadi.
