Respublika va viloyat OAV vakillari uchun Qashqadaryoda press-tur tashkil etildi (+foto)
Bugun Prezident Administrasiyasi xuzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi boshchiligida Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan respublika va viloyat OAV xodimlari uchun Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri, Qarshi va Koson tumanlarida press-tur tashkil etildi.
Jurnalist va blogerlar safarni Qarshi tumanidagi Abul Muin Nasafiy ziyoratidan boshlashdi va bu yerda Qur’on tilovat qilinib, Nasafiy ziyoratgohining tarixi va bu joyning turizm bo‘yicha oldiga qo‘ygan rejalari bilan tanishtirildi.
- Ushbu ziyoratgoh davlatimiz rahbari tashabbusi bilan obodonlashtirilib, bu yerga keluvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Azamat Avazov.- Bu maqsadlar uchun 17 milliard so‘mlik mablag‘ sarflandi. Ayni damda barcha uchun obod maskan bo‘lgan ushbu ziyoratgohga endilikda yiliga 500 mingga yaqin sayyohlarni jalb qilishni rejalashtiryapmiz.
Shuningdek, bu yerda 3000 ta kitoblar jamlanmasidan iborat zamonaviy kutubxona, masjid va muzey ham barpo etildi.

Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Qarshi tumanidagi "Iymana Textile" tikuvchilik korxonasida bo‘lishdi va u yerdagi sharoit hamda korxonaning kelgusidagi rejalari bilan tanishishdi.
360 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan "IYMAN textile" fabrikasi.
Ma’lumot uchun, tikuvchilik fabrikasining qurilish ishlariga tadbirkor tomonidan 12,5 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, yiliga 3 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega hisoblanadi va bu mahsulotlar Rossiya davlatiga eksport qilish uchun tayyorlanmoqda..




