Reper "P.Diddi"ni sudga beruvchilar soni ortmoqda
Nyu-York federal sudida P.Diddi nomi bilan tanilgan amerikalik musiqa prodyuseri va reper Shon Kombsga nisbatan zo‘rlash va ta’qib qilishda ayblanib, oltita yangi da’vo qo‘zg‘atildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Sudga ariza berganlardan biri 16 yoshida zo‘rlanganini aytadi. Ayrim epizodlar P.Diddining “oq bazmlar” deb atalgan kechalarida sodir bo‘lgani aytiladi.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan oltita sud jarayonining barchasi anonim tarzda topshirilgan. Ma’lumki, ulardan ikkitasini ayol, yana to‘rttasini erkak kishi bergan.
Ular Shonni zo‘ravonlik qilish uchun "o‘z shon-shuhratidan foydalanganlikda" ayblashdi.
Ayrim shikoyatchilarning so‘zlariga ko‘ra, reper o‘z talablarini bajarishdan bosh tortgan yoki omma oldida unga qarshi chiqishni rejalashtirganlarni “o‘ldirish” bilan tahdid qilgan.
Advokat Toni Basbi 2 oktyabr kuni P.Diddi ustidan sudga 120 kishi da’vo arizasi berganini, ulardan 25 nafari zo‘ravonlik vaqtida voyaga yetmaganligini ma’lum qildi.
Himoyachilarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda qurbonlarning ichimliklariga noma’lum moddalar, jumladan, giyohvand moddalar aralashgan. Sudlar 1991 yilgacha bo‘lgan zo‘ravonlik holatlarini qamrab oladi.
18 sentyabr kuni 54 yoshli Shon Kombsga “yirik miqyosdagi jinoiy faoliyat”, odam savdosi va boshqa bir qancha jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yildi.
U hibsga olingan va Bruklindagi federal qamoqxonada saqlanmoqda. Reper barcha ayblovlarni rad etdi.