"Borma, kuyasan": Eron Ormuz bo‘g‘ozini minalashtirmoqda
Eron Ormuz bo‘g‘oziga minalar o‘rnatayotgani haqida xabar berildi. Bu haqda amerikalik OAV razvedka ma’lumotlariga tayanib xabar qildi. CBS va CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron bir necha o‘nlab minalarni joylashtirgan va yana yuzlab minalar o‘rnatishi mumkin.
Avvalroq Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bo‘g‘oz orqali o‘tadigan har qanday kemalarga hujum qilishi mumkinligini ogohlantirgan edi. Urush boshlanganidan beri bu yerdagi harakat deyarli to‘xtab qolgan. Neft va gaz yetkazib berishdagi uzilishlar sabab jahon bozorlarida narxlar ko‘tarila boshladi.
Tramp nima dedi
Bu vaziyatga AQSh prezidenti Donald Tramp munosabat bildirdi. U Erondan minalarni darhol olib tashlashni talab qildi va jiddiy oqibatlar bo‘lishi mumkinligini aytdi.
«Agar Eron Ormuz bo‘g‘oziga qandaydir minalar o‘rnatgan bo‘lsa, biz ularni darhol zararsizlantirishni talab qilamiz! Agar qandaydir sabab bilan minalar o‘rnatilgan bo‘lsa va ular darhol zararsizlantirilmasa, Eron uchun harbiy oqibatlar misli ko‘rilmagan darajada bo‘ladi. Agar ular o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan minalarni zararsizlantirsa, bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi katta qadam bo‘ladi», — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Ormuz bo‘g‘ozining ahamiyati
Ormuz bo‘g‘ozi jahon energetikasi uchun eng muhim yo‘llardan biri hisoblanadi. Har kuni u orqali taxminan 20 million barrel neft tashiladi — bu dengiz orqali yetkazib beriladigan neftning qariyb chorak qismi demakdir. Shuningdek, dunyodagi suyultirilgan gazning 35 foizi va Fors ko‘rfazi davlatlarining deyarli barcha eksporti ham shu yerdan o‘tadi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Fors ko‘rfazida kuniga taxminan 15 million barrel neft va 4,5 million barrel neft mahsulotlari bloklanib qolgan. Ayni paytda Iroq va Quvayt kabi ishlab chiqaruvchi davlatlarda eksport uchun muqobil yo‘llar deyarli yo‘q.
Tomonlarning yo‘qotishlari
Shu bilan birga, 11 kun davom etgan raketaviy hujumlar natijasida Isroilda 12 kishi halok bo‘lgan, yana 200 ga yaqin odam jarohat olgan, deb xabar qildi TASS harbiy manbaga tayanib.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, mojaro davomida 150 nafar amerikalik harbiy ham jarohat olgan.
Eron esa 1300 nafar tinch aholi halok bo‘lganini va minglab binolar vayron bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, Tehron Isroilni Bayrutdagi mehmonxonaga qilingan hujum natijasida to‘rt nafar eronlik diplomatni o‘ldirishda aybladi.
