Qashqadaryoda bemorlar uchun issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxona achinarli holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi

Qashqadaryoda bemorlar uchun issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxona achinarli holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi tomonidan hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarning bajarilishi holati yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Mana shunday o‘rganishlar Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasida ham olib borildi.

O‘rganishlar jarayonida, tibbiyot birlashmasining bemorlar uchun issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxonasidagi achinarli holatlar e’tiborimizni tortdi. Oshxonada amaldagi sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan sharoitlarda ovqat tayyorlanmoqda. Jumladan, shifoxonada davolanayotgan bemorlar sonidan kelib chiqib taomnoma tasdiqlanmagan, oshxona xizmatchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Oshpazlarning amaldagi ovqat tayyorlash qoidalariga amal qilishi va maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanganligi, qolaversa tayyorlangan ovqatning sifati xususida gapirmasa ham bo‘ladi. Bemorlarga ovqat tayyorlash maqsadida saqlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ochiq holda sanitariya talablariga zid tarzda saqlanmoqda. Kasallik organizmni kuchsizlantiradi. Bemor kuch-quvvat to‘plash va tezroq davo topishi uchun uni maxsus parvarish qilish lozim. Bemorni parvarishlash odatda davolashning eng muhim qismidir. Bemorga dorilar hamisha ham zarur bo‘lavermaydi. Lekin yaxshi parvarish va foydali ozuqa doim muhimdir. Ushbu kasalxonaga tushib, tibbiy xizmatlaridan foydalangan  bemorning ahvoli esa og‘irlashsa og‘irlashadiki, ammo hech qachon yaxshilanmasligi aniq. Oshxonadagi achinarli holatlar yuzasidan Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i O.Shaymanovdan izoh so‘ralganda, shifoxonada davolanayotgan bemorlarga zaruriy tayyor ovqat yetkazib berish bo‘yicha autsorting xizmati yo‘lga qo‘yilganligi, 2020 yilning 31 dekabriga qadar tumandagi «Karnaytepa» ishlab chiqarish va savdo firmasi ovqat tayyorlash  xizmatini ko‘rsatib kelganligi, 2021 yilning 21 yanvaridan «Elegant MB» MCHJ autsorting xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha tanlov g‘olibi deb topilganligi, biroq tibbiyot birlashmasi tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan «Karnaytepa» ishlab chiqarish va savdo firmasi rahbari O.Mahmaraimov tomonidan oshxona tanlov shartlari asosida topshirilmasdan, o‘zboshimchalik bilan bemorlarga ovqat tayyorlash davom ettirilib kelinayotganligi ma’lum qilindi.

Xo‘sh, savol tug‘iladi.  Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorting xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 16-son qarori birdan-bir maqsad, ya’ni bemorlarning sifatli ovqatlanishini tashkil etish maqsadida qabul qilingan.Shunday ekan buni Chiroqchida amalga oshirishga nima to‘siq bo‘lmoqda? Tegishli mutasaddilardan ushbu savolga javobini kutib qolamiz.

NORQIZIL BOTIROV,
Chiroqchi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!