Qarshi shahridan Xalq qabulxonasiga nafaqa bo‘yicha 877 ta murojaat kelib tushgan - Prezident
Mazkur masalada murojaat qilgan ayollarning muammosini faqat nafaqa to‘lash nuqtai nazaridan emas, balki boshqa qiyinchiliklari bilan birgalikda kompleks ravishda ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan 309 nafar ayolning farzandini bog‘chaga joylashtiradi. Hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollari bilan 82 nafar ishsiz ayolni kasbga o‘qitib, mahallaning o‘zida ishlashiga sharoit qilib beradi.
159 nafar yolg‘iz onalarning 90 nafariga tadbirkorlikni boshlash uchun, yana 69 nafariga esa faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kredit olishga ko‘maklashiladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan 34 nafar nogironligi bor odamga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarshi shahri hokimiga har bir ariza va shikoyatni mana shunday tahlil qilib, mas’ullariga taqsimlab, birinchi yarim yillikda shaharni murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunali hududga aylantirish topshirildi. Bu jarayonda unga viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari, viloyatdagi tashkilotlar rahbarlari yaqindan ko‘maklashishi belgilandi.
Umuman, barcha hududlar va 208 ta tuman-shahar hokimlariga Qarshi shahri misolida aytilgan tizimni samarali yo‘lga qo‘yib, odamlarning og‘irini yengil qilish vazifasi qo‘yildi. Ular bu boradagi ish rejasini har oy mahalliy Xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlatib, aholiga murojaat qiladi.
Xuddi shunday barcha vazirlar ham o‘z sohasida bo‘layotgan e’tirozlarni kamaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, brifing o‘tkazadi va rejalarini odamlarga yetkazadi.
