“Qal’a” romani o‘zbek tilida nashr etildi

“Qal’a” romani o‘zbek tilida nashr etildi

Milliy matbuot markazida XX asr jahon nasrining favqulodda vakili Frans Kafkaning o‘zbek tilida chop etilgan “Qal’a” romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarni ona tilimizga atoqli ijodkor Vafo Fayzulloh tarjima qilgan.

Avstriya imperiyasining Chexiya hududida tavallud topgan ulug‘ yozuvchi Frans Kafka asarlarining oltidan bir qismi ham uning o‘zi hayotligida chop etilmagan edi. Kafka o‘limidan so‘ng do‘sti – Maks Brodga o‘z asarlarini yo‘q qilib yuborishni vasiyat qiladi. Biroq adib vafotidan so‘ng Maks vasiyatning teskarisini bajarib, Kafka asarlarini birin-ketin nashr ettiradi. Bugungi kunda Frans Kafka dunyo adabiyotida asarlari eng ko‘p o‘qiladigan yozuvchi sanaladi. Uning kitoblari zamonaviy nasr taraqqiyotiga keskin ta’sir ko‘rsatgani bilan ahamiyatli.

Ona tilimizga Kafkaning asarlari o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalaridan tarjima etila boshlangan. Uning shov-shuvli asari bo‘lmish “Jarayon” romani asrimiz boshiga kelibgina Vafo Fayzulloh tomonidan tarjima qilingan va hozirgacha qayta-qayta nashr qilinadi.

Frans Kafkaning “Qal’a” romanini ham ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyati yaratildi. Yaqinda adibning “Qal’a” asari “Muharrir” nashriyotida 3 ming tirajda chop etildi.

“Qal’a” Kafkaning so‘nggi romanidir. Kafkashunoslar bu asar ustida yozuvchi 1917-1921 yillar oralig‘ida ish olib borgan, ilk marta yozuvchining do‘sti Maks Brod tomonidan 1928 yili nashr etilgan, deb e’tirof etadilar. Adabiyotshunoslar Kafkaning uch romaniga ham so‘nggi nuqta qo‘yilmagan, deb ma’lumot berishadi. Bu jihatlar “Qal’a”da ham yaqqol seziladi... Ayrim adabiyotshunoslar esa Kafka bitiklarini aynan shu asari bois modernizm asoschilaridan biri Jeyms Joys ijodidan ham yuqori qo‘yadilar.

“Qal’a”ning ruhiy zalvori bobdan bobga o‘tgani sari ortib boraveradi. Tasvirning zohiriydan ortiq, botiniy manzaralari, bahs va munozaralarining psixologik talqini insonning eng ulug‘ maqsadi – hayotda o‘z o‘rnini topish yo‘lidagi urinishlaridan go‘zal rivoyatlar so‘zlaydiki, bularning bari kitobxonni befarq qoldirmaydi.

Tadbirda “Qal’a” romanining tarjimasi, ushbu asarning ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!