Qadr kechasida qilinadigan ibodatlar
Azizlar, mana ko‘z ochib yumguncha Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi ham oxirlab borayapti. Bu o‘n kunlikdagi kechalar ichida eng ulug‘i bo‘lgan «Qadr» kechasiga ham yaqinlashib qoldik. Hammamizga ma’lumki, sahih hadislarda kelishicha, «Qadr» kechasi oxirgi o‘n kunlikning toq kechalaridan birida bo‘lishi ma’lum. Lekin, ulamolar «Qadr» surasining oyatlari mazmunidan kelib chiqib, «Qadr» kechasi Ramazon oyining 26- kunidan 27- kuniga o‘tar kechasi sodir bo‘lishiga ishora qilishgan. Shunga ko‘ra, o‘sha kechasi boshqa kechalardan ham ko‘proq ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lish ushbu kechaning savoblarini ko‘paytiradi.
Quyida sizlarga «Qadr» kechasida sunnatga muvofiq qilinadigan eng afzal ibodatlar haqida ma’lumot berib o‘tmoqchimiz:
1. Shu kecha ahli oilalarimiz bilan birgalikda ko‘proq tahajjud va nafl namozlarini ado etishga jiddu jahd qilishimiz zarur. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayniqsa shu kechalarda oila a’zolarini ham ko‘proq tahajjud va nafl namozlarini o‘qishga undaganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar (Ramazon oyining oxirgi) o‘n kuni kirsa, butun kechani ibodat bilan o‘tkazib, bunga ahli-ayollarini ham uyg‘otardilar. O‘zlari ko‘p g‘ayrat qilib, ibodat uchun belni mahkam bog‘lardilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).
2. Qur’on tilovati.
Bu kechada har bir oila a’zosi o‘zi bilgan Qur’on suralaridan o‘qib, bir-birlariga eshittirishlari ham joiz ibodatlardan hisoblanadi. Chunki, Qur’oni Karim aynan «Qadr» kechasida nozil qilingan.
«Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadrda tushirdik». («Qadr» surasi, 1-oyat)
3. Zikr-tasbeh aytib ko‘p duolar qilish.
Ramazonga oid oyatlarda xabar berilishicha, Alloh taolo bandalariga ro‘za tutishni farz qilish bilan birga, ularga ko‘proq duo qilishni buyurgan va U Zot tomonidan bu duolarning mustajob qilinishi va’da qilingan.
Darhaqiqat, Alloh aytadi: «Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da’vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar». («Baqara» surasi, 186-oyat)
4. «Qadr» kechasi arafasidagi shom namozidan keyin imkon qadar silai rahmga amal qilish va muhtoj odamlarga sadaqa qilish ham shu kuni alohida ahamiyat beriladigan ibodatlar qatoriga kiradi.
5. «Qadr» kechasida oyatlarning ma’nolarini tafakkur qilish orqali anglash ham maqbul amallardan hisoblanadi.
Alloh taolo aytadi: «Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o‘rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir. Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!» («Oli Imron» surasi, 190-191 oyatlar)
6. «Qadr» kechasida ibodat bilan birga, o‘z xatolarini e’tirof qilib Alloh taolodan gunohlarini mag‘firat qilinishini so‘rab istig‘for aytish.
Demak, «Qadr» kechasidagi qilingan ibodatlarimiz savobi buyuk bo‘lib, shu sababli bu kecha ushbu oyati karimada aytilganidek, ming oydan yaxshiroqdir. «Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir». («Qadr» surasi, 3-oyat)
«Qadr» kechasini topishimizga Alloh taoloning O‘zi bizlarni muvaffaq aylasin va uning ulkan savoblaridan bahramand etsin.
