Prigojinning vasiyatnomasi e’lon qilindi

“VCHK-OGPU” Telegram-kanalida “Vagner” xususiy harbiy shirkat asoschisi Yevgeniy Prigojinning vasiyatnomasi chop etildi. 2023-yil 2-martdagi hujjatga ko‘ra, tadbirkor barcha mol-mulkini 25 yoshli o‘g‘li Pavelga vasiyat qilgan.
“O‘lim vaqtida menga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulkim, u nima bo‘lishidan va qayerda joylashganidan qat’i nazar, shuningdek, kelajakda menga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan mol-mulkimni Pavel Yegeniyevich Prigojinga vasiyat qilaman”, deyiladi hujjatda.
Vasiyatnoma shartlariga ko‘ra, Pavel meros hisobidan Prigojinning bevasi, qizlari va onasi Violetta Prigojina uchun "munosib yashashni ta’minlashi" kerak. Onasi nafaqaxo‘r sifatida merosning 10 foizini olish huquqiga ega.
“VCHK-OGPU” Telegram-kanali mualliflarining manbasiga ko‘ra, Prigojinlar oilasida marhum Yevgeniy Prigojinning mulkining notekis taqsimlanishi fonida mojaro boshlangan. Prigojin beva va qizlariga hech narsa vasiyat qilmagan.
OAV xabarlariga ko‘ra, Pavel Prigojin Sankt-Peterburgdagi turar joy va uning ostidan yer uchastkasini oladi. Uning umumiy kadastr qiymati 32,5 million rublni tashkil qiladi.
Shuningdek, u “Vagner” MCHJni, “Aurum” MCHJ kinokompaniyasidagi ulushni, “Ritm” noturarjoy mulklarini sotish va ijaraga berish kompaniyasini, ko‘chmas mulk boshqaruvi va savdo kompaniyasi “Konkord Menedjment i Konsalting” MCHJ, “Konkord Keytering" kompaniyasi va boshqalarni oladi.