Maxsus komissiya: "Bugun Toshkentda qisqa muddatli chang-to‘zon kuzatilishi mumkin"
Jahon meteorologiya tashkilotining Chang-qum bo‘ronlari bo‘yicha Pekin mintaqaviy markazi hamda Gidrometeorologiya xizmati agentligi prognozlariga ko‘ra, bugun Toshkent shahri hududida nam havo massalari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi 3–8 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 12–15 m/s gacha kuchayishi ehtimoli mavjud. Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi kutilmoqda.
Mazkur jarayonlar natijasida atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori, ayniqsa, PM10 konsentrasiyasi qisqa muddatga ortishi kuzatilishi mumkin. Biroq ushbu holat vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lib, kunning ikkinchi yarmida kuzatiladigan qisqa muddatli yog‘ingarchilik hisobiga atmosfera havosining asta-sekin tozalanishi kutilmoqda.
Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari mavjud fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkoni qadar niqoblardan foydalanish tavsiya etiladi.
Hozirda atmosfera havosi holati Maxsus komissiya tomonidan nazoratga olinib, doimiy monitoring qilib borilmoqda.
