Praga YEIda “Ozodlik Radiosi”ning kelajagini muhokama qilmoqchi

Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy 17 mart kuni yevropalik hamkasblari bilan uchrashuvda “Ozod Yevropa Radiosi”/“Ozodlik Radiosi”ning faoliyatini davom ettirish masalasini ko‘tarmoqchi.
Donald Tramp ma’muriyati ushbu radiostansiyani moliyalashtirishdan mahrum qilgan edi.
"Bunday eshittirishlarning davom etishi Yevropa manfaatlariga javob beradi. Bizga qo‘shni hududlarda totalitarizmning gullab-yashnashiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak", — deya ta’kidladi Lipavskiy.
AFP axborot agentligi xabariga ko‘ra, Oq uy AQShdan tashqaridagi auditoriya uchun eshittirish olib boruvchi Amerika ommaviy axborot vositalarining yuzlab xodimlarini maosh to‘lanmaydigan ta’tilga chiqargan. Bu, avvalo, “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi” faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi.
“Ozodlik radiosi” rahbari Stiven Kapus davlat tomonidan moliyalashtirish to‘xtatilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 75 yildan beri faoliyat yuritib kelgan mediakompaniya eshittirishlarining to‘xtatilishiga olib keladi.