«Oxirigicha himoya qilamiz»: Rasmiy Toshkent BAAda o‘zbekistonliklar o‘limga hukm qilinganini rad etdi
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning ma’lum qilishicha, 8 nafar O‘zbekiston fuqarosiga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
2025 yilning aprel oyida Birlashgan Arab Amirliklari hududida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarolariga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning ma’lum qilishicha, ularning o‘limga hukm qilingani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
TIV rasmiysi O‘zbekiston fuqarolarini oxirigicha himoya qilishini bildirdi.
«Albatta biz fuqarolarimizni oxirigicha himoya qilamiz. Tasdiqlangan [ma’lumotlarga ko‘ra], 2025 yilning aprel oyida Amirlik hududida ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarolariga joriy yilning 21 yanvar kuni sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan», - dedi Burxonov.
Qo‘shimcha qilinishicha, bir nafar fuqaroga 25 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
«Hozirda, tegishli idoralar va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan vaziyatni to‘liq o‘rganish va fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda», - dedi Burxonov.
Voqea tafsilotlar
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning aprel oyida Dubaydagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birida o‘zbekistonliklardan iborat ikki jinoiy guruh o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgandi. Oqibatda ikki kishi pichoqlanish oqibatida vafot etgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur janjalda ishtirok etishda gumonlanib, 15 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
Vizasiz rejim va davlat obro‘siga tahdid
Voqeadan so‘ng Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi O‘zbekiston fuqarolarini ko‘payayotgan qonunbuzarliklar ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantirgan, O‘zbekiston tomoni esa fuqarolarni xorijda mamlakat sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirgandi. Bu voqeadan keyin iyun oyida futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida BAAdagi o‘yinni ko‘rishga borgan o‘zbekistonliklarning bir qismi aeroportda tekshiruvdan o‘ta olmagandi.
Rossiyada umrbodga qamalgan o‘zbekistonlik
Eslatib o‘tamiz, Moskvadagi 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi o‘zbekistonlik Ahmadjon Qurbonovni Rossiya Qurolli Kuchlarining radiasiya, kimyoviy va biologik himoya kuchlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumni sodir etishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgandi. Sud qaroriga ko‘ra, Qurbonov jazosining dastlabki 10 yilini qamoqda, qolgan qismini esa qattiq tartibli koloniyada o‘tashi kerak.
