Ota-onaga ozor berish ularga oq bo‘lishdir!

Ota-onaga ozor berish ularga oq bo‘lishdir!

(Ey inson), Parvardigoring, sizlarga Yolg‘iz Uning O‘ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar u ikkovidan biri yoki har ikkisi sening qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “uf” tortma va ularning (so‘zlarini) qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi so‘z ayt! Ular uchun mehribonlik bilan xorlik qanotini past tut – xokisor bo‘l va: “Parvardigorim, meni (ular) go‘daklik chog‘imdan tarbiyalab-o‘stirganlaridek, Sen ham ularga rahm-shavqat qilgin”, deb (haqlariga duo qil)! (Al-Isro surasi, 23-24-oyatlar).

 

Avvalo, Islom barcha mo‘min-musulmon farzandlar uchun ota-onaga yaxshilikni yolg‘iz Alloh taologa ibodatdan keyingi ikkinchi vazifa qilib qo‘yadi. Bu ta’limotga binoan, ota-ona mo‘minmi, kofirmi, yaxshimi-yomonmi, baribir, farzand ularga nisbatan hurmat saqlashi, so‘zlarini qaytarmasligi va haqlariga yaxshi  duolar qilishi vojibdir.    

Agar mo‘min banda ota-onasini ranjitsa-chi, unga ozor bersa-chi? Unda ota-onasiga oq bo‘ladi, Alloh asrasin. Xo‘sh, ota-onaga oq bo‘lishning ko‘rinishlari qanday? Quyida batafsil tanishasiz:       

* Xoh so‘z bilan, xoh amal bilan bo‘lsin, Ularni yig‘latmoq, xafa qilmoq.

* Ovozni ko‘tarish va qo‘pol gapirish bilan ularga o‘dag‘aylamoq, do‘q-po‘pisa qilmoq.

* Ularning ishlaridan uf tortib, siqilmoq.

* Ularning oldida qovoq solib, peshonani tirishtirmoq.

* Ota-onaga bepisandlik va tahqir bilan qaramoq.

* Ularga ish buyurmoq.

* Ona tayyorlagan taomni tanqid qilmoq.

* Uy ishlarida ularga yordam bermaslik.

* Ular so‘zlayotganda yuzni burmoq.

* Ularning fikrlarini kam hisobga olmoq.

* Ularning huzuriga kirish chog‘ida izn so‘ramaslik.

* Ularning oldida muammolarni so‘zlamoq.

* Ota-onaga odamlar oldida ta’na qilish, ularni haqoratlash, ayblarini aytish.

* Ularni so‘kib, la’natlash.

* Ota-onaning obro‘sini to‘kmoq.

* Ko‘p talablar qo‘yib, ularga yuk bo‘lmoq.

* Ota-onadan ko‘ra xotinga xizmat qilishni muqaddam qo‘ymoq.

* Muhtojlik, yoki keksalik chog‘larida ularni yolg‘iz qoldirmoq.

* Ularga bo‘lgan bo‘ynidagi mas’uliyatdan tonmoq, ular zikr qilinishidan, yoki ularning farzandi bo‘lganidan hayo qilmoq.

* Urish bilan ularga tajovuz qilmoq.

* Ularni qariyalar uyiga tashlamoq

* Agar ular ba’zi bir gunohlarga aralashib qolsalar, ulardan voz kechmoq, ularga yaxshilik qilishni, nasihat qilishni tark etmoq.

* Ularga baxillik, xasislik qilmoq.

* Ularga qilgan yaxshiliklarini minnat qilmoq

* Ularning molidan beruxsat olmoq

* Ular oldida “oh-voh” qilib dardlarini doston qilmoq.

* Ularning o‘lishini orzu qilmoq.

* Ularni o‘ldirmoq, ulardan qutulishga harakat qilmoq.

Shularning baarchasidan va bunday amallarni qilishlikdan Alloh taoloning O‘zi asrasin! Musulmon farzandi doimo yuqoridagi ko‘rinish va amallardan ehtiyot bo‘lib, ulardan o‘zini tiyib yashamog‘i lozim!

Ibrohim Hozimiyning “Oqpadarlik oqibatlari” kitobidan olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!