Nigeriya Liviyaga qarshi o‘yinni boykot qildi
Nigeriya milliy jamoasi Liviyaga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan Afrika millatlar kubogi saralashi doirasidagi o‘yinga boykot e’lon qildi.
Ushbu jamoalar 15 oktyabr, seshanba kuni Liviyaning Bengazi shahrida o‘zaro maydonga tushishi kerak edi. Ammo Nigeriya milliy jamoasi joy olgan samolyot yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi Bengaziga qo‘nishdan oldin kutilmaganda Al-Abraq aeroportiga yo‘naltirildi. Bu o‘yin o‘tishi kerak bo‘lgan stadiondan ikki soatlik yo‘l uzoqlikda joylashgan. Viktor Osimhen yetakchiligidagi nigeriyalik futbolchilar ushbu kichik aeroportda hech qanday sababsiz 12 soat davomida suv va ovqatsiz ushlab turilgan. Mehmon jamoaga o‘yinga yetib olish uchun hattoki transport ham ajratilmagan.
Nigeriya futbol federasiyasi dushanba kuni milliy jamoa uchun avtotransport ajratish masalasida kelishuvga erishib bo‘lgach, nigeriyalik futbolchilar hurmatsizlik va sarsongarchiliklar uchun o‘yinni boykot qilib, uchrashuvda maydonga tushmasliklarini ma’lum qilgan.
«Liviya hukumati Bengaziga qo‘nayotganimizda hech qanday tushuntirishlarsiz bizni tashlandiq aeroportga yo‘naltirib, 12 soatdan ortiq vaqt davomida ushlab turdi. U yerda aloqa vositalarisiz, yegulik va ichimliksiz qolib ketdik. Buning hammasi o‘yin oldi bizga ruhan va jismonan ta’sir qilish edi. Afrikada bunaqasi birinchi marta emas va bu sharmandali harakat. Hattoki tunislik bo‘lgan samolyot uchuvchisi ham ilk bor bunday vaziyatga tushganini aytdi.
Nigeriya hukumatiga vaziyatga aralashishni va bizni qutqarishni aytdik. Jamoa bilan kelishgan holda o‘yinda maydonga tushmaydigan bo‘ldik. CAF vaziyatni o‘rganib, chora ko‘rishi shart. Bengazigacha avtomobillarda yo‘l olish qanchalik xavf ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Xatolar bo‘ladi, ammo bu safar vaziyat ataylab uyushtirildi. Bu holatning futbolga aloqasi yo‘q», - deydi Nigeriya milliy jamoasi sardori Uilyam Trost-Ekong.
Ma’lumot uchun, Nigeriya milliy jamoasi o‘tgan haftada Liviyani o‘z maydonida qabul qilib, 86-daqiqadagi gol evaziga mag‘lub etgandi. O‘sha o‘yindan oldin OAVda nigeriyaliklar Liviya milliy jamoasini Lagosdagi aeroportda hech bir sababsiz 3 soatdan ko‘proq vaqt davomida ushlab turgani xabar qilingandi. Liviyaliklarning bu harakati bir hafta avvalgi mana shu voqeaga javoban qilingani aytilmoqda.