Islom hamkorlik tashkiloti: Biz bu holatni keskin qoralaymiz!..
Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Isroilning Suriyaga qarashli hududlarni ishg‘ol qilgani va infratuzilma ob’ektlariga zarbalar berganini keskin qoraladi.
Joriy yil 8 dekabr kuni Suriyada Bashar Asad hokimiyati qulab, o‘zi Moskvaga qochganidan keyin Isroil qo‘shini Jo‘lon tepaligidagi qurolsizlantirilgan zonani kesib o‘tib Suriya hududiga bostirib kirdi. Strategik ahamiyatga ega Ash-Shayx tog‘ini egalladi va Quneytra muzofotidagi qishloqlarda kommendantlik soati joriy qildi.
IHTga ko‘ra, Isroil bu harakatlari bilan BMT rezolyusiyalari va xalqaro huquqni jiddiy ravishda buzdi.
Ta’kidlanishicha, Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi va barqarorlik saqlanishi lozim.
«IHT bosh kotibiyati Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlaydi va uning siyosiy tanlovini hurmat qiladi. Biz mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalarni Suriya xalqi manfaatlarini himoya qilish borasida mas’uliyatni tan olishga chaqiramiz. Siyosiy partiyalarni hukumatning o‘tish davri tinch va xavfsiz sharoitda, Suriya Arab Respublikasining hududiy yaxlitligi va institutlari faoliyati kafolatlangan tarzda kechishiga da’vat etamiz», – deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.
IHT 1,7 milliard aholi yashaydigan 57 ta davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tuzilmalardan biridir. O‘zbekiston mazkur xalqaro tashkilotga 1996 yilda a’zo bo‘lgan.
Avval xabar berganimizdek, Damashqda Asad hokimiyati qulashi bilan Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriyaga hududiga kirdi.
Isroil Suriyaga qarashli Jo‘lon tepaligini 1967 yili Olti kunlik urush yakunida bosib olgan. 1974 yili Suriya va Isroil o‘rtasida harbiy kuchlarni ajratishga doir bitim imzolanib, 400 kvadrat km hududda bufer zona tashkil etilgan.
Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974 yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qilgan va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozisiyalarni egallashni buyurgan.
Isroil so‘nggi kunlarda Suriya bo‘ylab aviazarbalar ham bermoqda.
Suriyada inson huquqlarini kuzatish markazi (SOHR) xabariga ko‘ra, yahudiy armiyasi so‘nggi 48 soat ichida Suriya harbiy salohiyatini yo‘q qilish uchun 250 ga yaqin aviazarba yo‘llagan. Hujumlar oqibatida Suriyaning turli muzofotlaridagi aerodromlar, tadqiqot markazlari, razvedka, bojxona va radioelektronika boshqaruv idoralari vayron qilingan, qurol-yarog‘ omborlari, radar va aloqa vositalari yo‘q qilingan.
Tel-Aviv iddaosicha, harbiy ob’ektlar va qurollar «muxolif kuchlar qo‘liga tushishi va Isroilga tahdid uyg‘otishi mumkin».
Tahlilchilar esa Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.
Isroil havo hujumlari orqali Suriya flotini ham yakson qildi.