Navoiyda onasini urib o‘ldirgan 26 yoshli yigitga hukm o‘qildi

Navoiyda onasini urib o‘ldirgan 26 yoshli yigitga hukm o‘qildi

2020 yil 12 oktyabrning jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat Karmana tuman sudining ochiq sud majlisi o‘z binosida MCHJda haydovchi bo‘lib ishlaydigan – sudlanuvchi I.U. (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)ga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi raisi Jahongir KARIMOV xabar qildi, deb yozadi "Darakchi".  

                     U o‘ta og‘ir jinoyat — o‘z onasini urib o‘ldirgani uchun jazoga mahkum qilindi

Ma’lum bo‘lishicha,  26 yoshli yigit 2020 yilning 6 iyuldan 7 iyulga o‘tar kechasi tungi vaqtda spirtli ichimliklar iste’mol qilib, mast holatda o‘zi istiqomat qiladigan Karmana tumanidagi uyiga boradi. Uyda bo‘lgan rafiqasi bilan og‘zaki tortishib qoladi. O‘zaro janjallashib, o‘rtalarida kelib chiqqan nizoni bartaraf etish uchun kelgan onasi bilan ham janjallashib, uni tanasining turli sohalariga urib, unga qarshilik ko‘rsatgan onasining qo‘lida bo‘lgan xom g‘isht bo‘lagini tortib oladi. Urayotgan vaqtida onasi zarbadan qochish maqsadida egilgani natijasida xom g‘isht bo‘lagi uning bosh qismini ensa sohasiga tegib, tan jarohati yetkazgan.  

Onasi olgan og‘ir tan jarohati yuzasidan Karmana tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 2020 yil 10 iyul tongida vafot etgan.

                                              “Onamga mast bo‘lganim sababli e’tiroz bildirdim”

Sudda so‘roq qilingan sudlanuvchi aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi...

— 2020 yilning 6 iyulida uyga kelib, ovqat tayyor bo‘lguniga qadar yana bir marta kira qilib kelishimni aytdim. Uyimdan mashinamda ketdim va Hazora qishlog‘ini markaziga borib, mijozlarni kutdim. Mijoz kelmagach, uyga ketayotgan vaqtimda xolamning o‘g‘li bilan uchrashib qoldim. O‘zaro kelishib, u bilan spirtli ichimlik iste’mol qilish maqsadida markazdagi do‘kondan 4 yoki 5 baklashka pivodan olib ichdik. Kech bo‘lib qolganidan so‘ng xolamning o‘g‘li o‘rtog‘ini mashinani boshqarish uchun chaqirdi. O‘rtog‘i kelganidan so‘ng biror bir kafeda o‘tirish maqsadida Navoiyga bordik. Kechasi bilan ishlaydigan do‘konga borib, non, kolbasa va 4 shisha pivo olib uyga qaytdik. Xolamning o‘g‘lini uyida qoldirib, o‘zim uyga bordim. Xotinim va ukam uydan chiqib, darvozani ochishdi. Xotinim ovqatni olib kelavermagach, oldiga kirganimda onamning oldiga kirib o‘tirganini ko‘rib, “Nega ovqat qilmading?”, dedim. “Spirtli ichimlik iste’mol qilganimni yuzimga solib mensimadi. So‘ng o‘rtamizda janjal kelib chiqdi. Xotinim onasining uyiga ketishini aytganidan jahlim chiqib, u bilan tortishib ketdim. Shu vaqtda u uydan chiqib qochdi. Orqasidan chiqdim, onam bilan ukam ham orqamdan chiqishdi. Xotinimni tandirxonaga yashirinib olganini bilib yoniga bordim va qo‘lidan tortib “uyingga olib borib tashlamoqchiman”, dedim. Onam bilan ukam meni orqamdan tortishdi, ularga qarshilik ko‘rsatolmadim. Shu vaqtda onam meni qo‘llaridagi kessak bo‘lagi bilan boshimning orqa qismiga urdi. Ularga qarshilik ko‘rsatdim, shu orada xotinim qo‘limdan chiqib qochdi. Ukam ham mendan qochdi, qochib ketmasligi uchun ulardan jahlim chiqqani sababli orqasidan quvdim. Qilgan harakati uchun jazolamoqchi bo‘ldim. Lekin ushlay olmaganimdan so‘ng hovliga qaytib kelib, onamga qarab gapirib borayotgan vaqtimda onam tandirxonani yonidagi qurilishi bitmagan xona poydevorini ichiga kirdi. Onamga e’tiroz qilib, “Nega oilamga aralashasiz?” dedim. Onam yana meni ura boshladi, so‘ng men ham onamni qo‘lim bilan bir necha bor urdim va qo‘lida bo‘lgan kessak bo‘lagini tortib olib urdim. Shu vaqtda onam zarbadan qochaman deb boshini pastga qilib egildi. Kessak bo‘lagi u kishining boshini orqa tomoniga tegdi va dovdirab ketdi. Qo‘limdagi kessak bo‘lagini o‘sha yerga tashlab, onamni yonidan itarib yubordim. Onam yerga yiqilib, yonbosh bo‘lib qoldi. So‘ng xotinimni topish maqsadida hovlidan izladim. Shu vaqtda hovliga qo‘shnim kirib keldi. Uning orqasidan esa profilaktika inspektori keldi. So‘ng profilaktika inspektori men mast holda bo‘lganim sababli Navoiy shahar IIBning hushyorxonasiga olib borib joylashtirib ketdi. Ertasi kuni uyimga borib, kiyimlarimni almashtirib shifoxonaga bordim. Onamga tan jarohati yetkazish maqsadim bo‘lmagan. Xotinim bilan janjallashdim, onamga mast bo‘lganim sababli e’tiroz bildirdim. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Qonuniy yengillik berishingizni so‘rayman.

 

                         “U avval ham turli bahonalar qilib onam bilan janjal qilardi”

Sud majlisida so‘roq qilingan jabrlanuvchining qonuniy vakili — qizi holatni quyidagicha izohladi...  

— Sudlanuvchi ukam bo‘ladi. Ukam oldindan juda qiziqqon bo‘lgan. U onamga turli bahonalar qilib, ularni tashlab ketganini aytib og‘zaki janjal qilib kelardi. Ichib kelsa janjal qilardi, yaqin orada ikki marta onamning uyiga borganimda ham ukam janjal qilgandi. 2020 yilning 7 iyuli ertalab kichkina ukamga “sms” xabar yubordim. Unga qo‘ng‘iroq qilganimda, “Akam onamni urdi. Tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketdik. Yangam onam bilan birga”, dedi. Shu kuni kelinim ham qo‘ng‘iroq qilib “oyimni reanimasiyaga olib kirib ketishdi”, dedi. So‘ng shifoxonaga yetib bordim. Onamni operasiya qilishlariga rozilik berib, tilxat yozdim. Operasiya amalga oshirilganidan so‘ng onam jarohatni ko‘tarolmay, 10 iyul ertalab vafot etdi. Ukamni IIB xodimlari olib ketishdi...

Jabrlanuvchining qonuniy vakili hozirgi kunda sudlanuvchi ukasiga hech qanday da’vosi yo‘qligi, unga nisbatan qonuniy yengillik berishni bildirib ko‘rsatma berdi.

Sudlanuvchi JK 104-moddasi 3-qismining “d” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu moddaga asosan JKning 57-moddasini qo‘llab, 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!