Nabiy sollallohu alayhi vasallam kimni toshbo‘ron qilishga buyurdilar?

Nabiy sollallohu alayhi vasallam kimni toshbo‘ron qilishga buyurdilar?

Ibn Ishoq rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Baytul-midrosda bir guruh yahudiylarni Allohning diniga chaqirganlarida, ulardan No‘’mon ibn Amr va Hars ibn Zayd deganlari:

– Ey Muhammad, sen qaysi dindasan? – dedilar. U zot alayhissalom:

– Ibrohimning millati va dinidaman, – dedilar. Ular:

– Ibrohim yahudiy bo‘lgan, – deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom:

– Unday bo‘lsa, kelinglar, shu masalani Tavrotdan ko‘raylik, – degan edilar, ular bosh tortdilar.

Boshqa bir rivoyatda kelishicha, yahudiylardan bir kishi bir ayol bilan zino qilib, qo‘lga tushadi. U vaqtda Islomda hali zinokorni toshbo‘ron qilish hukmi tushmagan edi. Haligi yahudiy erkak va ayol zinokorlar obro‘li kishilardan edi. Shunga e’tiboran, yengillik bo‘lib qolsa ajab emas, deb Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning oldilariga zinokorlarni olib kelib, hukm chiqarishni so‘rashdi. Nabiy alayhissalom:

– O‘z kitoblaringiz bilan hukm chiqaraman, – dedilar-da, ikkovini toshbo‘ron qilishga buyurdilar. Yahudiylar:

– Bunday hukm yo‘q, – deb inkor etishdi. Shunda Tavrot olib kelindi. Yahudiylarning diniy olimi Ibn Suriyyo toshbo‘ron qilish haqidagi amr yozilgan joyga qo‘lini qo‘yib, berkitdi. Shunda yahudiylardan bo‘lgan, iymonga kelgan ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu bu holdan Nabiy alayhissalomni ogoh etdi. Nabiy alayhissalom Ibn Suriyyoga:

– Qo‘lingni ko‘tar! – dedilar. Ko‘targan edi, toshbo‘ron qilish hukmi ko‘rindi. Rasululloh alayhissalom ikkala zinokorni toshbo‘ron qilishga buyurdilar. Yahudiylar norozi bo‘ldilar.

Keyingi oyat ularning nima sababdan bunday tortishganlarini bayon qiladi:

ﭦ ﭧ ﭨ ﭩ ﭪ ﭫ ﭬ ﭭ ﭮﭯ ﭰ ﭱ ﭲ ﭳ ﭴ ﭵ ﭶ

Bu ularning «O‘t-olov bizga faqat sanoqli kunlardagina tegadi», deganlari uchundir. To‘qigan narsalari ularni dinlarida aldab qo‘ydi. (Oli Imron surasi, 24-oyat).

Demak, mazkur ahli kitoblar Allohning kitobi asosida hukm yuritishdan qo‘rqmasdan, yuz o‘girishlari qiyomat kuni aniq hisob-kitob bo‘lishiga, amallar zarra miqdorida bo‘lsa ham o‘lchanib, hammaga qilganiga yarasha adolat bilan jazo berilishiga ishonmasliklari sababli ekan. Ularning

«O‘t-olov bizga faqat sanoqli kunlardagina tegadi» degan so‘zlari shuni ko‘rsatadi.

Demak, ular sanoqli kunlargina do‘zaxda turib, keyin undan ozod bo‘lamiz, deb e’tiqod qiladilar. Shunday bo‘lganidan keyin ularning fikricha, o‘zini qiynab, Allohning kitobi bo‘yicha hukm yuritishdan foyda yo‘q.

Xo‘sh, bu e’tiqodni ular qayerdan olishgan? Allohdan xabar kelganmi? Payg‘ambarlaridan ruxsat bo‘ldimi? Yoki biror ishonchli manbadan tasdiq bormi? Yo‘q! Bu buzuq e’tiqodni ular o‘zlari to‘qib olganlar.

«To‘qigan narsalari ularni dinlarida aldab qo‘ydi».

Aks holda Allohga, oxiratga iymoni bor odam Allohning kitobi asosida hukm yuritishdan bosh tortarmidi?!

Allohga va oxiratga iymoni bor odam qiyomatdagi holatlar haqida buzuq e’tiqod qilarmidi?!

ﭷ ﭸ ﭹ ﭺ ﭻ ﭼ ﭽ ﭾ ﭿ ﮀ ﮁ ﮂ ﮃ ﮄ ﮅ ﮆ

U haqda hech shubha yo‘q hamda har bir jon kasb qilgan narsasini to‘liq olib, ularga zulm qilinmaydigan Kunda (hollari) qanday bo‘larkin? (Oli Imron surasi, 25-oyat).

Ushbu oyati karimada zikr qilinayotgan

«U haqda shubha yo‘q... Kun» qiyomat kunidir. Bu Kunni hech kim inkor qila olmaydi. Hatto mazkur ahli kitoblar ham qiyomat bo‘lishiga ishonadilar. Shuning uchun ham ular: «Bizga o‘t faqatgina sanoqli kunlardagina tegadir», – deyishmoqda.

Qiyomat kunining kelishiga shubha bo‘lmaganidek, o‘sha kuni har bir jon adolat bilan, zulm qilinmasdan, qilganiga yarasha jazosini olishiga ham shubha yo‘q.

O‘shanda bu dunyoda Allohning oyatlariga kufr keltirib, Allohning kitobi hukmi asosida yashashdan bosh tortganlarning holi qanday kechadi? Javob hammaga ma’lum.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!