Mo‘min-musulmonlarni kofir deyish mumkinmi?

Mo‘min-musulmonlarni kofir deyish mumkinmi?

Keyingi paytlarda dunyo miqyosida ayniqsa arab dunyosida ayrim mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqarish, ularga murtadlik tamg‘asini bosish holatlari ko‘payib bormoqda. Tabiiyki, bu kabi hodisalar har bir iymonli odamni bezovta qiladi. Bunday malomatlarga nishon bo‘layotgan odamlar esa o‘zlariga qo‘yilayotgan bunday ta’nalar qarshisida hayron bo‘lib qolmoqdalar. Mazkur holat odamlar orasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Bir tanishimga “birodar, peshindan keyin janoza bor ekan. Janozada ham qatnashamiz”, desam, u odam “yo‘q men janozada qatnashmayman. Chunki uning musulmonligini qayoqdan bilaman”, dedi. Men “axir u ham ahli qibla-ku” (Ka’bani qibla deb tan odamlarni ahli qibla deyiladi) desam, u odam menga zarda bilan “uning namoz o‘qiganini qayoqdan bilasan” deb javob berdi.

Aslida ham shundaymi! Shar’iy dalillar taqozosiga ko‘ra iymon asoslarini inkor qilmagan, halolni harom, haromni halol deb e’tiqod qilmagan birorta mo‘min-musulmonga kufr nisbatini berish aslo mumkin emas. Shariatni ko‘rsatmasiga amal qilmasa u odam fosiq, gunohkor hisoblanadi. Ammo kofir deyilmaydi. Keling, yaxshisi bu masalani ulamolarimiz tomonidan asoslab berilgan dalillar asosida muhokama qilamiz.

Kufr suzini lug‘aviy va istilohiy ta’rifi: 

Kufr so‘zi lug‘atda bir necha ma’nolarga dalolat qiladi. Bu xaqida Ibni Fors  “bu so‘z lug‘atan bir narsani yopib, berkitib turishga dalolat qiladi. Masalan sovutini kiyim bilan o‘rab qo‘ygan odamga ham “kafara dir’ahu” deyiladi. Mana shu gapda “kafara” suzi “o‘rab, yopib qo‘ydi” ma’nosida ishlatilmoqda. Shunga binoan “mukaffir” deyilganida biror narsani yopib turgan odamni tushinamiz. 

Suvi bilan barcha narsalarni yopib turgan ulkan daryoni ham, hosili tuproq tagida bo‘ladigan ekinlarni ham kofir deyiladi. Chunki ularning hosilini tuproq yopib turibdi”.

Ibnu Asir esa “kufr so‘zi lug‘atda bir narsani halok bo‘ladigan darajada yopib turishni tushunamiz”, deydi.    

Shariatdagi kafforat (qasamini buzgan yoki beixtiyor, bilmasdan birovni o‘ldirib qo‘ygan paytdagi moliyaviy to‘lov) ham shundan olingan. Chunki u ham qilingan gunohlarni yopib, yashirib turadi.

“Kufr” so‘zining istilohiy ta’rifiga kelsak lug‘at, usul va boshqa barcha ulamolarining tadqiq qilishlaricha shar’iy dalillarning dalolatidan kelib chiqib bir necha ma’nolarda keladi. Jumladan: “bu so‘z umumiy ma’noda Alloh taoloning vahdoniyatini, payg‘ambarlikni, shariatni yoki mazkurlarning barchasini bir yo‘la inkor qilishdir”.

Rog‘ibul Isfahoniy

“Alloh taolo kufr atamasini, o‘z vahdoniyatini inkor qilganlar, Qur’onda payg‘ambarligi bayon qilingan payg‘ambarlarni inkor qilgan odamlar hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan sahih xabarlarni inkor qilgan yoki o‘zlari amal qilganlari haqida dalili bo‘lgan sunnatlarini inkor qilgan odamlarga nisbatan ishlatadi”.

Ibnul Hazm.

“Kufr chegarasini belgilab olish mutakallim ulamolarning nazarida ancha og‘ir ishdir. Shariatning sobit qoidasi shuki, bu kabi ishlar (birovga kufr hukmini berish) lafzning ma’nolari ustigagina bino qilinmaydi. Balki buning uchun shar’iy hukmlarga zamin bo‘ladigan ochiq-ravshan alomat va asoslar talab qilinadi. Beliga zunnor (majusiylar beliga bog‘laydigan belbog‘) bog‘lash kabi amallar birovning kufriga dalolat qilmaydi”.

Imom Faxriddin ar-Roziy

Ko‘rinib turibdiki birovga kofirlik nisbatini berish uchun asosli dalillar bo‘lishi kerak.  Qur’oni karim va Hadisi shariflarda vorid bo‘lgan kufr lafzi va ularning tafsirlari alohida ilmdir. Omma orasida muhokama qilinadigan masala emas. Balki o‘ta hassos va nozik jabha bo‘lib uni mutaxassislargina muhokama qilishlari kerak.

Bugun ayrim musulmonlarni kufrda ayblayotgan bilag‘onlar yuqoridagi ta’rif va leksik ma’nolarni farqiga borarmikan?! Ishonish qiyin. Chunki haqiqiy ilm sohibi bunday chalamullalik qilmas edi.   

Ayni masala borasida imom ibni Obidiyn shunday deydi:

“Birorta musulmon ustida, modomiki uning so‘zini imkon qadar musulmonlikka hukm qilishning iloji bo‘lar ekan unga kufr hukmini bermaymiz. Garchi bu ishda kufrning xilofi bo‘lgan zaif rivoyat bo‘lsa-da qabul qilinadi”

Bugungi mutaassib jamoalarga bu kabi asosli javoblar yetarlicha mavjud. Ammo biz so‘zimizni muxtasar qilish nazaridan shu aytganlarimiz bilan kifoyalanamiz.

Tohir Vohid, “Umar ibn Xattob” masjidi imom noibi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!