Italiyada sayyohlik avtobusi daryoga tushib ketdi

Italiyaning Turin shahridagi Vittorio Veneto maydoni yaqinida sayyohlik avtobusi Po daryosiga quladi. Transport vositasi panjarani buzib, daryoga qulagan va qisman suv ostida qolgan. Avtobus haydovchisi halok bo‘ldi, deb yozadi La Republica nashri.
Avtobusda faqat haydovchi bo‘lgan va u hushsiz holda qutqarib olingan. Shifokorlarning uzoq davom etgan harakatlariga qaramay, u vafot etgan. Hodisa joyiga qutqaruvchilar, jumladan vertolyot ekipaji yetib borgan. Voqea vaqtida boshqa yo‘lovchilar yoki piyodalar jabrlangan bo‘lishi mumkinligi bois qidiruv ishlari olib borilgan, biroq hech kim topilmagan.
Baxtsiz hodisa shaharning tarixiy markaziga yaqin Murazzi hududida sodir bo‘lgan. Campobasso shahridagi Di Carlo Tour xususiy kompaniyasiga tegishli avtobus orqaga harakatlanayotgan paytda baxtsiz hodisaga uchragan.
63 yoshli haydovchi Nikola Di Karlo noto‘g‘ri yo‘ldan ketgani yoki o‘zini yomon his qilgani sababli orqaga harakat qilgani taxmin qilinmoqda. Avtobus harakat davomida uch nafar ayolni urib ketgan, ammo ular jiddiy jarohat olmagan, ularning ahvolini kuzatish uchun shifoxonaga olib ketilgan.
Hodisa yuzasidan rasmiy tergov ochilgan. Hozircha ishni Turin shahar polisiyasi olib bormoqda. O‘t o‘chiruvchilar avtobusni suvdan chiqarishi bilan u musodara qilinadi va texnik ekspertiza boshlanadi. Birinchi navbatda tormoz tizimi tekshiriladi. Shuningdek, haydovchining o‘lim sabablari aniqlanadi.