Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha oldingi safda va O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati

4-5 aprel kunlari Samarqand “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” mavzusidagi xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. Unda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, Yevropa Ittifoqi rahbariyati, xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo, Yevropa, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Qayd etish joizki, Xalqaro iqlim forumi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2022 yilda bildirilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini amalga oshirish doirasida tashkil etilmoqda. Uning mazmun-mohiyati xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni qidirish uchun zamonamizning dolzarb muammolari bo‘yicha global muloqot platformasini yaratishdan iborat.
Shu tariqa Samarqand yana bir necha kun davomida xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilish maydonchasiga aylanadi. Tadbir jahon hamjamiyatining iqlim chaqiriqlariga qarshi kurashish ishi borasidagi sa’y harakatlarini birlashtirishga muhim hissa qo‘shishi shubhasiz.
Ishtirokchilarning vakillik tarkibi va anjumanning ko‘p tomonlama formati tadbir kun tartibining dolzarbligini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda iqlim o‘zgarishlari davrimizning eng jiddiy tahdidlaridan biriga aylandi. Bu muammo xalqaro ekspertlar hamjamiyatining e’tibori markazida bo‘lib, muntazam tarzda eng yuksak minbarlarda tilga olinmoqda. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahondagi mazkur vaziyatni iqlim o‘zgarishi, bio xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhitning ifloslanishini o‘z ichiga olgan “uch karra sayyora inqirozi” deb tavsifladi.
Mutaxassislar ayniqsa, global haroratning ko‘tarilishidan xavotirda. Bu qator salbiy oqibatlar, jumladan muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, tuproq degradasiyasi, bio xilma-xillikning yo‘qolishi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining pasayishiga olib keladi. Bu muammolar aholi sonining tez o‘sishi va jadal iqtisodiy faoliyat bilan yanada kuchaymoqda.
Masalan, yaqinda Jahon meteorologiya tashkiloti va Butujahon Muzliklarni monitoring qilish xizmatining e’lon qilgan ma’ruzalari muzliklarning erishi tezlashganini tasdiqlaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1976 yildan buyon 48 yil mobaynida butun jahondagi muzliklar qariyb 9,2 ming gigatonna muz yo‘qotgan. Natijada, dengiz sathi 18 millimetrga ko‘tarilgan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, har bir millimetr tufayli qirg‘oqbo‘yi hududlarida yashaydigan 200-300 ming aholi suv toshqini xavfiga uchrashi ehtimoli bor.
2022-2024 yillar mobaynida muzliklar massasining uch yillik rekord darajadagi eng katta yo‘qotishi kuzatilgan. So‘nggi olti yilning besh yilida muzliklarning eng tez erishi kuzatilgan. Qayd etilishicha, ko‘pgina hududlardagi “abadiy muzlar” 21 asrda omon qolmasligi mumkin.
Muzliklarning jadal erishi va suv tanqisligining kuchayishi 2025 yil 21 martda Nyu-York va Parijda Butunjahon Muzliklar kuni va Butunjahon suv resurslariga bag‘ishlab o‘kazilgan forumlarning asosiy mavzularidan biriga aylandi.
Xalqaro hamjamiyat bu muammo ko‘lamini to‘liq anglab yetib, uni hal qilish choralarini ko‘rmoqda. Iqlim o‘zgarishiga va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida dunyo mamlakatlari 2015 yilda Parij kelishuvini qabul qildilar. Hujjatda ularning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bo‘yicha qo‘shma ishlarni amalga oshirishlari nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, har yili BMT ning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha anjumanlari o‘tkaziladi. So‘nggi 29-anjuman o‘tgan yil noyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tdi.
Biroq geosiyosiy keskinlikning o‘sishi va yirik davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi sharoitida ko‘p tomonlama hamkorlikning pasayishi kuzatilmoqda. Bu xalqaro tinchlik va barqarorlikning eng muhim masalalari bo‘yicha hamjihatlikka erishishni hamda xalqaro tashkilotlarning barqaror rivojlanish kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha faoliyatini murakkablashtirmoqda.
Natijada, insoniyat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishiga qaramay, iqlim muammolari ikkinchi darajaga tushib qolmoqda, resurslar esa, qurolli to‘qnashuvlarga va gumanitar inqirozlar oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilmoqda.
Bu sharoitda Markaziy Osiyo butunlay boshqacha rivojlanish dinamikasini namoyish etmoqda. Mintaqa xalqaro notinchlik sharoitida birlashib, yanada barqaror bo‘ldi va yuzaga kelayotgan tahdid va chaqiriqlarni mustaqil ravishda bartaraf etmoqda. Bu borada mintaqada shakllangan ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik muhiti hamkorlikning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarishning fundamental asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Boshqacha aytganda, mintaqa mamlakatlarining birligi mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha samarali muloqot olib borish imkonini bermoqda, bu xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda.
Ayni damda iqlim kun tartibi bugun mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish uchun muhim omillardan hisoblanadi. Bu bejiz emas. Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi bo‘yicha eng himoyasiz mintaqalardan biri hisoblanadi. So‘nggi 60 yilda bu yerda havo harorati 1,5 darajaga ko‘tarildi, bu dunyo ko‘rsatkichidan ikki baravar ko‘pdir (0,7 daraja). Iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan besamar foydalanish va boshqarish mintaqada suv tanqisligini keltirib chiqarmoqda. Bu tendensiya yil sayin kengaymoqda.
Suv resurslarining 80 foizdan ortig‘i muzliklarda hosil bo‘ladi. So‘nggi 50 yilda bu muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqardi. 2050 yilga borib, Sirdaryo havzasidagi suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasidagi suv resurslari 15 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Umuman olganda, Markaziy Osiyoda 2050 yilga borib, 100 million kishiga yetishi kutilayotgan demografik o‘sishni hisobga olganda, mintaqada suv tanqisligi 30 foizga yetishi, sug‘oriladigan dehqonchilik uchun foydalaniladigan suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj esa 2030 yilga borib, 30 foizga oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Ko‘rsatilgan omillarning barchasi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni ham keltirib chiqaradi. Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib, mintaqada qishloq xo‘jaligi hosildorligi 20-40 foizga pasayishi mumkin.
Mavjud tahdidlarning ko‘lamini chuqur anglagan Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqa kelajagi uchun yuksak mas’uliyatni namoyon etmoqdalar. Xususan, iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi harakatlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida mintaqada iqlim bo‘yicha muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va yumshatish sohasidagi muhim global tashabbuslarni ilgari surgan holda, iqlim kun tartibini harakatlantiruvchi kuchi sifatida harakat qilmoqda. Xususan, yaqin 3 yilda (2025-2028 yillar)da mintaqa mamlakatlarida suv-iqlim muammolariga bag‘ishlangan qator yirik tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Muzliklarni asrash bo‘yicha yuqori darajadagi Xalqaro Dushanbe konferensiyasi (2025); Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo Mintaqaviy iqlim sammiti (2026); «Bishkek +» Ikkinchi global tog‘ sammiti (2027); 2018-2028 yillarda Dushanbe shahrida “Suv - barqaror rivojlanish uchun” Xalqaro harakatlar o‘n yilligi maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni yakuniy har tomonlama ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya (2028) shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasi va BMT singari xalqaro tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilishmoqda.
Xususan, 2023 yilda Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim sammiti doirasida barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida “5 ta mamlakat – 1 ta mintaqa – 1 ta ovoz” mavzuida Markaziy Osiyo mintaqaviy pavilyoni tashkil etildi.
Ayni damda shuni qayd etish joizki, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni birlashtiruvchi hamda Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiyot va “toza energiya”ni rivojlantiruvchi markazlardan biriga aylantiruvchi harakatlantiruvchi kuchlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi”da chiqish qilib, “Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tish”, deb qayd etgan edi.
Umuman olganda, “yashil rivojlanish” davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Bu ekologik masalalarni hal etish, bio xilma-xillikni saqlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qator uzoq muddatli konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda o‘z aksini topdi.
Ulardan eng muhimlari: “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish Strategiyasi”, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasi, 2019 — 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi hamda 2019 — 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasidir.
Bundan tashqari, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonni rivojlantirish Strategiyasida birinchi marta iqlim masalalari ustuvor yo‘nalishga aylandi hamda davlatning global kun tartibidagi masalalarni hal etishda ishtirok etishi uchun javobgarligi belgilandi.
Ayni vaqtda, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish, elektromobillar va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol ishlab chiqarishlarini tashkil qilish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va energiya samaradorlikni oshirish orqali iqtisodiyotni karbonsizlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Sa’y-harakatlarni birlashtirish va safarbar qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalarini hal qilishga tizimli o‘tishni ta’minlash maqsadida 2025 yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi.
Umuman olganda, olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasida so‘nggi 5 yilda mamlakatimiz energiya sektoriga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investisiya jalb qilindi, 9,6 gigavattli zamonaviy energetika quvvatlari ishga tushirildi. Xususan, 3,5 gigavatt quvvatga ega 14 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda 300 megavatt quvvatga ega 2 ta energiya saqlash tizimi tashkil qilindi.
2030 yilga borib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish va issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yaqin yillarda investisiya loyihalarida “yashil” komponentlarni 50 foizgacha oshirish hamda issiqxona gazlari chiqindilari milliy monitoring tizimlarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, “Yashil makon” dasturi doirasida mamlakatimizda shahar hududlari ko‘kalamzorlashtiriladi. O‘zbekistonning butun qishloq xo‘jaligi sektorini suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda, Toshkent iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi muhim tashabbuslarni ilgari surgan holda, global va mintaqaviy siyosatini sezilarli darajada faollashtirdi.
2021 yil may oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasining qabul qilinishi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Ushbu chora mintaqa ekotizimini tiklash, “yashil” texnologiyalar va tabiatdan foydalanishning barqaror usullarini rivojlantirishga qaratilgan. Amalga oshirilgan dasturlar samarasida, havo changini kamaytirish, biologik xilma-xillikni tiklash va iqlim vaziyatini yaxshilash maqsadida Orol dengizining qurigan tubi hududida millionlab ko‘chatlar ekish imkoniyati yaratildi.
2023 yil dekabr oyida mintaqa mamlakatlarining ekologik tahdidlarni hal etishdagi hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan yana bir muhim rezolyusiya – “Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dubayda bo‘lib o‘tgan COP-28 va Bokuda bo‘lib o‘tgan COP-29 sammitlarida hamda boshqa xalqaro forumlarda global iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qator amaliy takliflarni bildirdi.
Ular orasida iqlim o‘zgarishi natijasida yetkazilgan zarar va yo‘qotishlarni baholash bo‘yicha Xalqaro markazning tashkil etilishi, Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Mintaqaviy xabning ta’sis etilishi hamda o‘simliklar genetik resurslari bankining shakllantirilishini qayd etish joiz.
Shu bilan birga, O‘zbekiston qator yirik xalqaro tadbirlar maydoniga ham aylanmoqda. Xususan, 2024 yil fevral oyida Samarqandda atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha eng muhim xalqaro tadbir – Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2024 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzuida xalqaro forum o‘tkazildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarda logistika bilan bog‘liq muammolarni hal etishdan iborat edi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan COP-29 sammitida dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun mamlakatimizda BMT ning innovasion agrosanoat xabini tashkil etish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari e’tiborlidir.
Shuningdek, joriy yil 15 may - Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi hududida “Raqamli “yashil” tashabbuslar” global yoshlar festivalini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Albatta, ushbu xalqaro forumlarning barchasi Markaziy Osiyo farovonligi va mintaqaning barqaror kelajagi uchun samarali yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan. O‘zbekiston bu borada izchil ishlarni amalga oshirib, iqlim tahdidlariga qarshi kurashishda Markaziy Osiyo davlatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirishga intilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 4-Maslahat uchrashuvida qabul qilingan Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” hamda Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning ishlab chiqilishi bu hamkorlikni kuchaytirishga muhim hissa qo‘shdi.
Bu hujjatlar atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda mintaqa mamlakatlarining qo‘shma harakatlari uchun zamin yaratadi.
Ekologiya sohasida kadrlarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkentda mintaqadagi birinchi “Central Asian Green University” ochildi. U ekologik ta’lim va innovasiyalar markaziga aylanadi. O‘zbekiston Prezidenti universitet negizida yer degradasiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va barqaror rivojlanish sohasida yangi ishlanmalarni ishlab chiqish uchun yetakchi ilmiy markazlar va ekspertlarni jalb qilishni taklif etdi.
Samarqand konferensiyasi davomida O‘zbekistonning Mintaqaviy “Yashil” taraqqiyot konsepsiya loyihasini taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha haqida O‘zbekiston Prezidenti “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi nutqida ma’lum qilgan edi.
Qayd etish joizki, iqlim forumidan so‘ng 10 aprelda Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan “Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojalnish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik” mavzuida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.
Ushbu tadbir yuzaga kelgan vaziyatga xolis baho berish asosida suv masalalarini hal etishga ko‘maklashish uchun ilmiy-siyosiy muloqot bo‘yicha o‘ziga xos platforma bo‘ladi.
Unda Markaziy Osiyo va Afg‘oniston strategik institutlari va suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari va ekspertlari, suv diplomatiyasi bo‘yicha Yevropa mamlakatlarining yetakchi mutaxassislari hamda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi vakillari ishtirok etadilar.
Anjuman mohiyatan, Markaziy Osiyo mamlakatlari barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish masalalarini amaliy hal etishga tayyor ekanining yana bir dadili bo‘ladi.
Shunday qilib, O‘zbekistonning faol iqlim siyosati va uning xalqaro maydondagi tashabbuslari mamlakatimizning barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlik masalasiga nafaqat milliy, balki mintaqaviy darajada sodiqligini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, Samarqand iqlim anjumanining o‘tkazilishi iqlim o‘zgarishiga moslashish, jahon hamjamiyati e’tiborini mintaqa muammolariga qaratish va ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirish masalalari bo‘yicha maqbul yechimlarni topish imkonini beradi.
Beqarorlik, geosiyosiy kelishmovchiliklar va barqaror rivojlanishga tahdidlar sharoitida barcha tomonlarning hurmati va teng ishtirokiga asoslangan erkin va amaliy muloqot zarur. Samarqand mazkur muloqot yangicha tus oladigan ana shunday joy bo‘lishi mumkin.
Akramjon Ne’matov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari,
Azamat Sulimanov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
bo‘lim boshlig‘i