BMT: G‘azo cheksiz o‘lim siklida

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi oldidan qat’iy bayonot berib, G‘azodagi vaziyat keskin nuqtaga yetganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eksklavga bir tomchi ham yordam yetib bormayapti – na oziq-ovqat, na yoqilg‘i, na dori-darmon, na tijorat tovarlari.
" G‘azo qotillik maydoniga aylandi. Tinch aholi o‘limning cheksiz siklida ", dedi u.
Guterrishning ta’kidlashicha, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi avvalroq hayotiy yordamlarni taqsimlashni boshlashga imkon bergan, biroq u qulaganidan so‘ng yana gumanitar yo‘llar butunlay to‘sib qo‘yilgan.
Uning eslatishicha, Isroil bosqinchi davlat sifatida xalqaro huquq normalariga ko‘ra, aholini oziq-ovqat, tibbiy yordam va sanitariya bilan ta’minlashga majbur. Biroq, "bularning hech biri bugungi kunda G‘azoda sodir bo‘lmayapti", dedi BMT rahbari.
Guterrish gumanitar soha xodimlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi. U Isroil tomonidan taklif qilingan yangi ruxsat berish mexanizmlarini qoralab, ularni "har bir kaloriya va un donasigacha" etkazib berishni nazorat qilishga urinish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT insonparvarlik, xolislik va mustaqillik tamoyillarini buzuvchi tizimning bir qismiga aylanmaydi.
" Gumanitar yordam to‘liq va uzluksiz bo‘lishi kerak. Gumanitar xodimlarning o‘ldirilishi mustaqil tergovni talab qiladi. Biz hech qachon haqiqatdan qochib qutula olmaymiz. Bu xalqaro huquq va tarixga ko‘ra qabul qilinishi mumkin emas ", dedi Guterrish.
BMT rahbari, agar Isroil siyosati davom etsa, G‘azodagi gumanitar falokat ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirdi. U yana o‘t ochishni to‘xtatishga, mahbuslarni ozod qilishga va shoshilinch yordam yetkazib berishga chaqirdi.