Renovasiya tartib-tamoyillari bo‘yicha axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni shaharsozlik renovasiyasining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz aholisi 6 millionga ko‘paydi. Shu davrda yarim millionga yaqin xonadonlar barpo etildi. Jumladan, o‘tgan yili 100 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, bu yil yanada ko‘p – 130 mingdan ortiq xonadon reja qilingan.
Yaqin yillarda aholimiz soni 40 million nafarga yetishi kutilmoqda. Bunday o‘sishda yiliga 140-150 ming xonadonga talab paydo bo‘ladi. Bu har yili qo‘shimcha 2 ming gektar yer kerak, degani. Lekin yer maydonlari ham cheklangan.
Bunday holatda renovasiya dasturi qo‘l keladi. Masalan, respublikada 17 mingta 2-3 qavatli eski uylar bor. Ulardagi sharoit, muhit bugungi zamonga munosib emas. Elektr, gaz, suv va boshqa infratuzilmalar eskirgan, ko‘plarida oqova tarmog‘i ham yo‘q.
Shularning o‘rnida zamonaviy uylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar ko‘p aholi joylashadi. Asosiysi, xonadonlarda yangi kommunikasiya, issiq va sovuq suv, oqova tarmog‘i bo‘ladi. Odamlar ozoda, shinam va fayzli sharoitlarda yashaydi. Bu orqali minglab oilalarning turmush darajasi o‘sadi, muhimi, ular ushbu sharoitlarni ilk bor o‘zlari o‘sib-ulg‘aygan joyda his etishni boshlaydi.
Yana bir muhim tomoni – energiya tejamkorlik masalasi. Turar joylar yaxlit bo‘lsa, infratuzilma tarmoqlari, energiya kam sarflanadi.
Hozirgacha bu borada yagona hujjat yo‘q edi. Shu bois, xorijiy tajriba asosida, “Shaharsozlik renovasiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Taqdimotda renovasiya tizimining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy tomonlari ko‘rib chiqildi.
Bunday dasturlar 3 bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Avval, shahar va tumanlarda renovasiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensasiyalar taklif qilinadi. Barcha mulkdorlar bilan kelishuvlar yakkama-yakka, notarial tartibda tasdiqlanadi. Loyihalar uchun har bir hududda renovasiya jamg‘armalari tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqichda renovasiya dasturi hududiy va respublika kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qurilish tashkiloti aniqlanadi. Uchinchi bosqichda uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Renovasiyaga tushgan hududning iqtisodiy salohiyati ham oshadi. Yangi uylarning 1-2-qavatlarida savdo, xizmat kursatish va kichik ishlab chiqarishlar bo‘ladi. Shuningdek, bu tizim orqali 20 ming gektar yer tejalishi hisob-kitob qilingan.
Xususan, birinchi bosqichda renovasiya asosida 20 ming xonadon qurilishi mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni, avvalo, u yerda yashovchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda, tizimli va adolatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda mutasaddilar, tuman hokimlari va ularning tegishli o‘rinbosarlari renovasiya tartib-qoidalari va ishni to‘g‘ri tashkil qilish choralari bo‘yicha qo‘shimcha o‘qitilishi aytildi.
Renovasiya hududlarini infratuzilma bilan ta’minlash, developer va quruvchi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.