Ma’naviy ehtiyoj qondirilmasa...
Qo‘shnimiz o‘g‘il ko‘ribdi. Anchadan beri tirnoqqa zor edi bu oila. El qatori men ham quvondim. Xalqiga xizmat qiladigan bo‘lsin , dedim-da, sim qoqdim.
Aka, umri uzun bo‘lsin! Ismini nima qo‘ydingiz?
Messi...
O‘zbekcha ot quriganmi?
Ey, sen nimani tushunarding? Messini bilasanmi, o‘zi?.. Ism o‘zbekcha, tojikcha, ispancha deb o‘tirasanmi?.. Futbolchi bo‘lsin, uka! Ko‘rasan, bizning o‘g‘il O‘zbekistonni jahon chempioni qiladi, shunda nega Messi qo‘yganimni tushunasan.
Rostdan Messi qo‘ydingizmi?
Qiziqsan-ey, ha, bo‘lmasa, tuzukroq ism ayt. Futbolchi bo‘lsin! Qo‘yaman, mayli, sazang o‘lmasin!
Bu odamga yaxshi futbolchi kerak. Buni hamma o‘ylayapti.
Ma’naviy ehtiyoj qachon tug‘iladi?
Xalqning niyati, maqsadi, orzu-istaklari bo‘ladi. Bu mubolag‘a emas. Bu ehtiyoj asta-sekinlik bilan kattarib, ulug‘lashib boraveradi. Bu ehtiyojlar orasida xalqning ma’naviy ehtiyoji eng kattasidir. Xalqning ma’naviy ehtiyoji bir kunda, bir oyda yuzaga kelmaydi va bu ko‘pincha necha o‘n yillab vaqtni, necha asrlarni o‘z ichiga olishi ham turgan gap.
Azal-azaldan o‘zbek xalqi ma’naviyatli, halol, oriyatli, hamiyatli, vatanparvar, har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash ilinjida yashagan. Ertasini shu farzandlari timsolida ko‘rgan elning ma’naviy ehtiyoji ham shu ma’noda ulug‘lashib borgan. Tarixga chuqur nazar solib shunga ishonish mumkinki, har bir yaratilgan asar, u xoh nasriy, xoh nazmiy bo‘lsin, zamirida ezgu o‘y-kechinmalar, g‘oyalar singdirilgan. Bu nimadan dalolat deyish mumkin, avvalo, komil avlodni tarbiyalash...
Komil insonni tarbiyalash ilinji
Eng qadimiy yozuvlar Tunyuquq bitiklari , Bilga hoqon bitiklari , Mahmud Koshg‘ariyning Devonu lug‘otit turk , Yusuf Xos Hojibning Saodatga eltuvchi bilim singari manbalarda ham shubhasiz, elning el bo‘lish g‘oyasi tajassumlangan. Bugungi kungacha ushbu qo‘lyozmalar saqlanib kelinayotgani, asarlar qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgani sababi xalqning ma’naviy ehtiyoji tilga olinganidadir.
Aytaylik, Devonu lug‘otit turk asarida mardlik, vatanparvarlik va jasorat yuksak pardalarda tarannum etiladi:
Takra olib akkuralim,
Attin tushib yukaralim,
Arslanlayu kukaralim,
Kucha anin kavilsun.
Shubhasiz, biror asar shunchaki yaratilmagan. Har qaysi yaratilishi tarixida ezgu maqsadlar, ulug‘ niyatlar bo‘lgan. Ha, Alpomish dostoni yaratilishi bilan bog‘liq juda ko‘p taxminlar, farazlar, qarashlar uchraydi. Aytaylik, biri xalq ichida vatanparvar, oriyatli, yovga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishga intiladigan avlodni tarbiyalash zarurati bo‘lganida tug‘ilgan desa, yana birov buni o‘sha paytdagi shunday insonlarga muhtoj bo‘lgan elu xalqning ertangi orzulari bilan bog‘laydi. Olimlar xalq mentalitetini ulug‘lashga bo‘lgan ishtiyoq sifatida ko‘rsatishadi. Lekin uning yozilishini men xalqning ehtiyojini qondirish ilinji deya taxminlagan bo‘lardim. Aynan shu davrdagi voqealar buni isbotlaydi, ya’ni xalqning orzu-o‘ylari ulug‘lasha borgan va millatning millat sifatidagi o‘rni sezila boshlagan.
Aytilmaydigan ehtiyoj
Davr o‘tib xalq odamlar jipslashdi. Vaholangki, bu davrda insonlarning ham ma’naviy, ham moddiy xohishlari, qarashlari o‘sdi. Ularning tafakkuridagi inson siymosi ham komillik mezonida xayolan o‘lchana bordi. Xalqning orzu-o‘ylarida bu timsol tajassumlandi.
Alisher Navoiy asarlarida nega komil inson siymosi bot-bot tilga olinadi, deydi folklorshunos Shahodatbonu Imomnazarova. Komil inson orqali jamiyatga kerakli odamni yaratish, uning timsolida xalq ichidagi yoshlarni ko‘rish, yurtiga kerakli shaxslarni kamol toptirish umidida bo‘lgan. Farhod va Shirin , Layli va Majnun , Mahbub ul- qulub asarlari ham aynan xalqning ma’naviy ehtiyoji mahsuli, desak xato bo‘lmaydi. Bugungi kunda ham bu asarlar qo‘lma-qo‘l bo‘lishi sababini ham aynan unda insonlarni ezgulikka undash masalasi turganida, deb bilaman.
Odamning aytiladigan va aytilmaydigan orzu-niyatlari bo‘ladi. Xalqning ma’naviy ehtiyojlarini ham aytib bo‘lmaydi, faqat uni his etish mumkin.
Tasavvur qiling, inson ba’zan istamagan holda kim bilandir suhbatlashgisi keladi. Gaplashib, ruhi ko‘tariladi, ma’naviy yuk oladi. Yoki umuman odamlar gurunglashgani kimningdir oldiga oshiqadi, u jamiyatda ular izlayotgan obraz, deyish mumkin. O‘y-kechinmalarida ham o‘sha insonning so‘zlari takrorlanib turaveradi. Ba’zida bir o‘qigan kitobni bir necha marta qayta o‘qiydi. Negaki ma’naviy ehtiyojini personaj orqali qondirishga urinadi.
Nega Kumush ismi ko‘paygan? Odamlar Qodiriyning qahramoniga o‘xshagan farzandi bo‘lishini istagan, deydi o‘qituvchi Dilshod O‘narov. Ma’naviy ehtiyoj masalasi oldida ma’naviy ibrat degan o‘y bor. Nega Qashqadaryoda Ishani ismi qo‘yiladi, odamlar shunday obrazga muhtoj. Shunga ularning ehtiyoji bor. Lekin bu ma’naviy ehtiyojni ko‘rib bo‘lmaydi-da. Buni ijodkorlar chuqur his etishi kerak. Qachongacha birov yaratgan qahramonlarni o‘z o‘ylarimiz bo‘yicha bejaymiz. Nega doim kitoblarga murojaat qilamiz, bilasizmi? Zamon qanchalik taraqqiy etmasin, baribir odamlar shunga ehtiyoj sezadi. Taraqqiyotni kitobsiz, kitobni taraqqiyotsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Kitobsiz taraqqiyot bo‘ladimi?
Insoniyat XXI asrga qadam qo‘ydi. Axborot asrida yashayapmiz. Hamma texnikaning ulkan imkoniyatlari qarshisizda tasanno aytmoqda. Go‘yo ilmning oxiriga yetgandek tuyulayapti, odamlarga. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, baribir kashfiyotlarning ibtidosi kitob bilan bog‘liq.
Avtobusda bir kampirning gazeta o‘qib ketayotganiga ko‘zim tushdi. Sinchiklab qaradim, momo chet ellik futbolchilar hayoti aks etgan maqolani o‘qiyotgandi. O‘ylab qoldim, axir momoga buning nima qizig‘i bor? Shuni anchadan beri o‘ylab, o‘yimga yetolmayman. Muxlis deb o‘ylash ham mumkin, bu tugal javob emas. U ehtimol o‘sha gazetani boshqa ochib ham ko‘rmas. Biroq u o‘sha ro‘znomadan bitta narsa qidirardi, bu obraz! Agar shuning ichidan u izlagan narsani topganida muntazam shuni o‘qirdi. Yana bir muhim jihati unda ma’naviy ehtiyojni qondirar material yo‘q edi. Shuni aytish uchun tipik asar yozish shart , deydi huquqshunos Muqaddas G‘aybullayeva.
Xalqimiz azal-azaldan xalqning ehtiyojini birinchi o‘ringa qo‘ygan. Xalqqa rizq bergani, senga rizq bergani singari hikmatlar borligi shunga ishora.
Albatta, Prezidentimizning Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida gi farmoyishi kitob bilan odamlarni ta’minlashga katta yordam berdi, deb o‘ylayman, deydi kitobfurush, yakka turdagi tadbirkor Otaxon Xudayberganov. ...Ushbu muhim soha rivoji bilan bog‘liq aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda bir qator muammolar mavjudligini qayd etish lozim , degan edi yurtboshimiz. Shundanmi, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydim va odamlarni kitob bilan ta’minlash, ularga nur ulashish istagidaman. Ushbu farmoyish ko‘pgina ijodkorlarni uyg‘otdi, desam adashmayman. Endilikda kitobot san’ati va biznesi rivoj topib bormoqda. Negaki kitob o‘qish, chop etish, tarqatish, yoshlarni jalb etish borasida ulkan tajribaga ega xalqimiz orasida qancha yozuvchi-shoirlar, ijodkorlar bor. Shu ma’noda yangi badiiy asarlar, qo‘llanmalar dunyo yuzini ko‘rmoqda. O‘ylaymanki, xalqning shunga ehtiyoji bor.
Uydirma ma’naviy ozuqa beradimi?!
Yurtboshimizning ushbu farmoyishida shunday jumlalar alohida qayd etib o‘tilgan edi: avvalo, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim asosida tashkil etilmagan . Albatta, jahon adabiyotining yirik vakillari asarlarini o‘zbek kitobxoni o‘qishga mushtoq.
Elektron adabiyotlar orqali kitob o‘qiyotgan yoshlarni ko‘p uchratamiz, deydi shoir Mansur Jumayev. Uyat bo‘lsa-da, aytishga majburmiz, bu kitoblar orasida turli pornografik asarlar borligi kishini o‘ylantiradi. Masalan, turli xil shu turdagi hikoyalar orqali kishi ma’naviy ozuqa olishi mumkinmi? Tag‘in g‘irt uydirma, milliy mentalitetga yot, odamning hirsini uyg‘otadigan hikoyalar bo‘lsa, men buni hazm qilolmayman. Bir-ikkita bolalarga tanbeh berdim, shuni yozayotgan yozuvchi nahot farzandlar tarbiyasi haqida o‘ylamasa... Odamlarning ma’naviyatini o‘stirish orqali ularni shunday g‘aliz tushunchalardan saqlash mumkin.
Gulfem ismidan ma’no topish...
Dunyo kitob savdosi tajribasidan ma’lumki, kitobxon uyida o‘tirib istagan asarga buyurtma berish imkoniyatiga ega. Bu birinchidan, o‘quvchining vaqtini tejasa, ikkinchidan kitob sifatini bilim imkoniyatini tug‘diradi. Boz ustiga chekka hududlarda kitob savdosi juda oqsayotganini, shuningdek, ularni elektron adabiyotlar bilan ta’minlash tizimida qator no‘noqliklar borligini inobatga olsak, kitobga e’tibor yosh avlod tarbiyasida muhim ekanini ta’kidlamay iloj yo‘q.
Ma’naviy bo‘shliq milliy ruh, mentalitet asosida to‘ldirilmasa, o‘rniga begona urf, oqava tushunchalar kirib ketadi. Yuqorida tilga olinganidek, inson o‘zi o‘ylab-o‘ylamay ba’zan shu o‘ylar ta’siriga tushib boradi. O‘zining ma’naviy ehtiyojini qondirish ilinjida chor-atrofdan izlanadi. Badiiy asarlar, kinolarga yuzlanadi. Ammo ular sayoz bo‘lsa... Messi , Makgregor , Ishani , yoki Zerda , Gulfem ismidan ma’no topishga va uni qo‘yishga tushadi. Umuman bu ismlar urfga aylanishi oldidan ziyolilarda bitta fikr g‘ujg‘on o‘ynashi kerak xalqning ma’naviy ehtiyojini qondirilayaptimi? Shundagina xalq o‘z madaniyatiga chuqurroq hurmat bilan yondashadi.
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab, Rahbardan 10 ta kitob aksiyasi singari kitob o‘qishga, ilm egallashga chorlovchi tadbirlar tashkil etilmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, kitobsiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi, jamiyat qanchalik taraqqiy etmasin ilm rivojlanishning bosh mezoni bo‘lib qolaveradi. Zotan, muqaddas dinimiz ham Beshikdan qabrgacha ilm izla shga da’vat etgan.
Olimjon Jumaboy,
