KXDR o‘z taqvimidan voz kechmoqda
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Kim Chen Inning yetakchiligini mustahkamlash maqsadida o‘zining juche taqvimidan foydalanishni to‘xtatdi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
Juche taqvim tizimi mamlakat asoschisi Kim Ir Senni sharaflash uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur taqvim bo‘yicha Kim Ir Senning tug‘ilgan yili — 1912 yil juche bo‘yicha 1 yil hisoblanadi. Taqvim rasman 1997 yilda Kim Ir Senning yurak xurujidan vafot etganidan uch yil o‘tib qabul qilingan. Shimoliy Koreya shu vaqtdan beri juche taqvimi bilan birgalikda Grigoriy taqvimidan ham foydalanib keladi.
Nashrag ko‘ra, Kim Chen Inning 10 oktyabr kuni qilgan nutqi va 11 oktyabr kuni Tashqi ishlar vazirligi tomonidan chiqarilgan bayonotda sana juche 113 yili deb ko‘rsatilgan. Biroq Kim Chen Inning nufuzli singlisi Kim Yo Chjon tomonidan 12 oktyabr kuni e’lon qilingan bayonotda sana 2024 yil ko‘rinishida qayd etilgan. Juche taqvimi haqida esa hech qanday eslatma qilinmagan.
Bundan tashqari, Shimoliy Koreyaning ichki auditoriyasiga mo‘ljallangan asosiy gazeta “Rodong Sinmun” 12 oktyabr kuni bosma nashrida ham, o‘z veb-saytida ham juche taqvimidan foydalangan. 13 oktyabr kunidan boshlab gazeta juche tizimini Grigoriy taqvimiga o‘zgartirgan.
Juche taqvimidan 27 yil o‘tgach foydalanishni to‘xtatish Kim Chen Inning o‘z yetakchiligini mustahkamlash va o‘zidan oldingi rahbarlarning merosiga tayanmaslik istagini aks ettirishi mumkin.
“Bu, ehtimol, Kim Chen Inning o‘z shaxsiyatiga sig‘inishni shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismi bo‘lishi mumkin. Bu yil boshidan beri kuzatilmoqda”, – dedi Janubiy Koreya rasmiylaridan biri.