Kuz mavsumida allergik kasalliklar kuchayishiga qanday omillar ta’sir qiladi?

Mavsumiy allergiya nafaqat bahor va yoz mavsumi, balki kuz faslida ham kuzatiladi. Xo‘sh, bu qanday omillar bilan bog‘liq?
Ilmira Razikova,
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori:
— Agar sentyabr, oktyabr, noyabr oylari ham nisbatan issiq kelib, yog‘ingarchik bo‘lmasa, o‘simlik changchalari o‘z allergik xususiyatini saqlab qoladi. Salqin kunlar boshlagach, zamburug‘ sporalarining yomg‘irdan keyin havoga yuqori konsentrasiyada ko‘tarilishi natijasida zamburug‘ga nisbatan allergik holatlarning og‘ir formalari uchraydi.
Bundan tashqari, uy changi va it, mushuk singari hayvonlar yungi ham simptomlarni keltirib chiqaruvchi muhim allergenlar hisoblanadi.
Jumladan, kuz oylarida zamburug‘ sporalari eng ko‘p uchraydigan manba — daraxt va butalardan to‘kilgan yaproqlardir. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mog‘orlagan xonalar hamda yerto‘lalarda ham kuzatiladi.
Buning oldini olish uchun xonadoningiz hovlisi yoki bog‘ va ayvonlaringizni, qolaversa, tarnov va mo‘rilarni to‘kilgan barglardan tozalash zarur.
Qolaversa, hammom va oshxonani mog‘orlardan xoli tutish tavsiya etiladi. Shuningdek, xona ichidagi namlik darajasini kamaytirib, uni 25-50 foizgacha saqlash muhim.
Salqin ob-havo muhiti uy changlarining ko‘payishi uchun ham qulay. Bunday sharoitda allergenlar konsentrasiyasi ortib, allergik rinit, kon’yunktivit yoki astma belgilari kuchayadi. Bu, ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda ko‘proq kuzatiladi.
Allergiyani qo‘zg‘atuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang to‘plovchi jihoz va anjomlar — gilam va to‘shamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va o‘yinchoqlar hamda kitoblardir.
Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi uy hayvonlari yungidan aziyat chekadi. Bunday vaziyatda allergik reaksiyalardan butunlay xoli bo‘lish imkonsiz. Biroq xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali simptomlarni kamaytirish mumkin.
Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi. Xususan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida bunday kasalliklarga ilg‘or diagnostika usullari va zamonaviy tibbiy texnologiyalar orqali aniq tashxis qo‘yish hamda samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan.