Ko‘chmas mulk va ipoteka bozoriga oid hisobotning navbatdagi soni tayyorlandi

Ko‘chmas mulk va ipoteka bozoriga oid hisobotning navbatdagi soni tayyorlandi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston ko‘chmas mulk va ipoteka bozori” hisobotining navbatdagi soni tayyorlandi

Hisobot Biznesni rivojlantirish banki homiyligida tayyorlanib, uy-joy bozori dinamikasi, talab va taklif, uy-joyni sotib olish va ijaraga olish narxlari, davlat tomonidan uy-joy bozori ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, aholini uy-joy bilan ta’minlashning dolzarb masalalari, yer uchastkalari va qurilish materiallarining narxlari kabi omillar tahlilini o‘z ichiga oladi.

Asosiy xulosalar:

2020-2023 yillarda birlamchi va ikkilamchi bozordagi uylarning o‘rtacha narxlari 70-80 foiz oshgan va bu mazkur davrda iste’mol narxlari o‘zgarishidan mos ravishda 1,4 va 1,6 barobarga yuqori hisoblanadi.

Ipoteka kreditlari, ayniqsa davlat dasturlari doirasida past daromadli oilalar va birinchi marta uy sotib oluvchilar uchun mo‘ljallangan imtiyozli ipoteka kreditlari uy-joyga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishiga olib kelgan.

Ma’lumot uchun: 2017-yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 2,6 trln. so‘mni tashkil etib, nominal YAIMga nisbatan 0,8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 16,9 trln. so‘m va 1,6 foizga yetdi. Bu esa 2023-yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 2017-yildagiga nisbatan 6,4 barobar ko‘payganligini ko‘rsatadi.

Uy-joy sotib olishni moliyalashtirishda tijorat banklarining roli va ahamiyati oshib bormoqda.

Ma’lumot uchun: 2021-yilda ipoteka kreditlarini moliyalashtirishda banklarning o‘z mablag‘lari ulushi 8,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 26,3 foizga, 2023-yilda 33,9 foizga yetdi. Bu esa bank sektorining ko‘chmas mulk bozoridagi ishtiroki tobora oshib borayotganligini ko‘rsatadi.

2023-yilda Toshkent shahridan tashqari respublikaning barcha hududlarida birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti olgan aholining eng kamida 40 foizdan ortiq qismi dastlabki badalning bir qismini qoplashda subsidiyalardan foydalangan.

Uy-joy qurilishi uchun yer uchastkalarining narxlari yildan yilga sezilarli darajada o‘sib bormoqda.

Ma’lumot uchun: Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlanmaguncha 2023-yildan yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi natijasida qurilish uchun yer uchastkalari sotilishi to‘xtatildi. Moratoriy e’lon qilinishidan oldin auksion savdolariga chiqarilgan va 2023-yilda sotilgan (3 lot) yerlarning 1 kv.metri uchun narxlar 6,3 mln. so‘mdan 11,4 mln. so‘mgacha bo‘lgan qiymatlarni tashkil etdi.

Uy-joy qurilishi narxiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan sementning narxi pasaymoqda va mamlakatda sementga bo‘lgan ehtiyojning mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoplanish darajasi ortib bormoqda. Shu bilan bir qatorda armatura narxi ham pasaymoqda.

Toshkent shahrining Yashnobod va Sirg‘ali tumanlarida yerusti metrosining qurib, foydalanishga topshirilishi uy-joy ilgari poytaxtning boshqa tumanlaridagiga nisbatan arzonroq bo‘lib kelgan ushbu hududlarida turar joylarning jozibadorligi va qiymati oshishiga hissa qo‘shdi. Xususan, 2022-yilda uy-joylarning 1 kv.metri uchun o‘rtacha narx Sirg‘ali tumanida 775 AQSh dollarini, Yashnobod tumanida 875 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda narxlar mos ravishda 979 dollar (26,3 foiz) va 1087 dollargacha (24,2 foiz) ko‘tarilgan. Yashnobod tumanidagi yangi uy-joylarning narxi o‘rtasidagi tafovut (standart og‘ish) 2022-yilda 273, 2023-yilda 446, Sirg‘ali tumanida esa mos ravishda 148 va 221 ni tashkil qildi.

To‘liq hisobotni (81.9 MB, 104 bet) bu yerda yuklab olishingiz mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!