Kreml Eron yetakchilarining o‘ldirilishini qoraladi
Moskva Larijoniy halok bo‘lgach, rahbariyatga qarshi hujumlar qabul qilib bo‘lmasligini bildirdi.
Kremlda Eron rahbariyati vakillariga zarar yetkazishga qaratilgan harakatlar qoralandi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
“Suveren va mustaqil Eron, shuningdek boshqa davlatlar rahbariyati vakillarining sog‘lig‘iga zarar yetkazish yoki ularni o‘ldirishga qaratilgan harakatlar — bunday ishlarni biz qoralaymiz”, — dedi u jurnalistlarga.
AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eron hududiga zarbalar bera boshlagan. Hujumlarning birinchi kunida Eron oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgan.
17-martga o‘tar kechasi Tehronda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy o‘ldirilgan. Eron rasmiylari uning halok bo‘lganini tasdiqlagan.
Rossiya, Eron hududida Yaqin Sharqdagi ilk atom elektr stansiyasini qurib, uning faoliyatini ta’minlashga yordam berayotgan davlat sifatida, AQSh va Isroilning Eronga qarshi agressiyasini keskin qoraladi hamda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga chaqirdi.
Chorshanba kuni kunduzi Eronda Isroil tomonidan o‘ldirilgan rasmiy shaxslar, jumladan Ali Larijoniy va “Basiҗ” harbiylashgan tashkiloti rahbari Golamreza Sulaymoniy dafn marosimlari boshlandi.
