Davlat grantida o‘qigan bitiruvchilar uchun majburiy ishlab berishning yangi tartibi joriy qilinishi mumkin
O‘zbekistonda davlat granti asosida oliy ta’limni tamomlagan bitiruvchilar uchun amalda bo‘lgan kamida uch yil ishlab berish talabi bekor qilinishi mumkin. Bu bo‘yicha “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga o‘zgartirish kiritish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, 2005 yildan buyon davlat granti asosida bakalavriat va magistraturada tahsil olgan bitiruvchilar kamida uch yil ishlab berishi shart qilib belgilangan.
Xususan, hozirgi tartibga ko‘ra, davlat granti asosida o‘qigan bitiruvchilar ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan taqsimlanadi. Yangi taklifga ko‘ra, mazkur talab saqlanib qoladi, ammo uning davomiyligi barcha uchun bir xil emas, balki ta’lim yo‘nalishi xususiyatidan kelib chiqib belgilanadi.
Loyihada belgilanishicha, bitiruvchining ishlab berish majburiyati davomiyligi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan aniqlanadi. Bu esa yagona 3 yillik majburiy muddat o‘rniga individual yondashuv joriy etilishini anglatadi.
Hujjatda yana bir qator texnik o‘zgartirishlar ham nazarda tutilgan. Xususan, amaldagi tartibga ko‘ra, bitiruvchilarni ishga taqsimlashda ularning doimiy yashash joyi ham inobatga olinadi. Endilikda mazkur atamani «yashash joyi»ga almashtirish taklif qilinmoqda. Bu ishga taqsimlash jarayonidagi ayrim cheklovlarni yumshatishga qaratilgan.
Mazkur hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun 26 martga qadar ochiq bo‘ladi. Qaror tasdiqlangan taqdirda, u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
