14 foiz! Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvining 2026 yil 18 martdagi yig‘ilishi yakunlari ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.
Ayrim oziq-ovqat narxlari oshishi hisobiga inflyasiya pasayishi sekinlashdi, bazaviy inflyasiya esa oshdi: fevralda umumiy inflyasiya yillik 7,3 foizni, bazaviy inflyasiya 6,3 foizni tashkil etdi.
Inflyasion kutilmalar: aholi 11,2 foiz, tadbirkorlar 10,8 foiz.
Yalpi talab hisobiga iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanmoqda, xususan yanvarda: chakana savdo 14,7 foizga, ulgurji savdo 15,6 foizga, umumiy ovqatlanish 18,9 foizga, sanoat 7,8 foizga, xizmatlar 14,8 foizga va qurilish 9,2 foizga o‘sdi.
Geosiyosiy keskinliklar kuchayishi global ta’minot uzilishlari, energiya va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlari oshishiga olib kelib, import orqali ichki inflyasiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyasiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 29 aprel kuniga belgilangan.
