«Kino zo‘r chiqdi». Shavkat Mirziyoyev aktrisa Yulduz Rajabovani ijodni susaytirmaslikka chaqirdi

«Kino zo‘r chiqdi». Shavkat Mirziyoyev aktrisa Yulduz Rajabovani ijodni susaytirmaslikka chaqirdi

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 mart—Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosimda aktrisa Yulduz Rajabova ishtirokidagi filmni e’tirof etib, uni ijodni susaytirmaslikka chaqirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan «Maxsus rakurs» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida hikoya qilinadi.

«Taqdirlash marosimi protokol talablariga muvofiq rasmiy tarzda emas, Prezident Shavkat Mirziyoyevga xos bo‘lgan samimiy tusda o‘tdi. Zulfiya mukofoti sohibalarini otalarcha tabriklagan bo‘lsa, kattaroq avlod vakillariga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ehtirom ko‘rsatdi. Taqdirlash marosimi yakunlanganidan so‘ng davlat rahbari tayyorlangan stolga emas, balki diplomatik korpus vakillari tomon yurdi. Bu jarayonda esa tarjimon xizmati deyarli kerak bo‘lmadi. Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Syan Yan xonim prezidentga o‘z minnatdorligini o‘zbek tilida izhor etdi», — deyiladi ko‘rsatuvda.

Qayd etilishicha, prezident zalga yig‘ilgan ayol-qizlarni qutlashda faqatgina diplomatlar bilan chegaralanib qolmagan. Davlat rahbari zalning deyarli yarmini aylanib chiqqan.

«Stol oralab, ayollarni tabriklab chiqar ekan, hamma uchun vaqt ajratishga harakat qildi. Yig‘ilganlar ham o‘z o‘rnida prezident bilan ko‘rishishdan xursand ekanligini aytishdi. Qaynoq tabrik va qutlovlar uchun minnatdorlik bildirishdi. Shavkat Mirziyoyev ularning ko‘pchiligini shaxsan bilar yoki muvaffaqiyati bilan shaxsan tanish edi. Masalan, ‘Shuhrat’ medali sohibasi aktrisa Yulduz Rajabovaning oldidan o‘tar ekan, uning ishtirokidagi film haqida iliq fikrlar bildirdi va ijodni susaytirmasdan shu tarzda davom ettirishni aytdi», — deyiladi ko‘rsatuvda.

Ma’lumot uchun, Yulduz Rajabova turk kino ijodkorlari bilan hamkorlikda suratga olingan «Mendirman Jaloliddin» serialida  Qutlibeka obrazini gavdalantirmoqda. Shuningdek, u «Oskar» mukofotiga tavsiya etilgan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmida ham bosh rolni ijro etgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!