Isroil hujumi natijasida G‘azodagi 212 ta maktab vayron bo‘ldi - BMT

Isroil hujumi natijasida G‘azodagi 212 ta maktab vayron bo‘ldi - BMT

Isroil G‘azo sektoridagi shiddatli bombardimonlari natijasida anklavdagi 212 ta maktabga "to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba” berdi. Buni chorshanba kuni BMT tuzilmalari va uning hamkorlari tomonidan chop etilgan tahliliy hisoboti natijalari tasdiqlaydi, deb yozadi Xinhua.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Education cluster va Save the Children tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan mojarodan beri kamida 53 ta maktab “butunlay vayron qilingan”ligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, fevral oyining o‘rtalaridan beri maktab binolariga hujumlar soni 9 foizga oshgan.

Hisobot mualliflarining qayd etishicha, “Isroilning havo, quruqlik va dengizdan kuchli bombardimon qilishlari” tufayli “maktab hududiga hujumlar sonining ko‘payishi” G‘azodagi shu paytgacha og‘ir gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.

G‘azo sektorida jami 563 ta maktab binosi bor. To‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar ko‘rgan 212 ta maktabdan 165 tasi Isroil armiyasi tomonidan evakuasiya qilinishi uchun belgilangan hududlarda joylashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus tumanida 62 ta, Dayr al-Baloh tumanida 14 ta, G‘azo sektorida 94 ta va Shimoliy G‘azo sektorida 42 ta maktab to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbaga uchragan.

"G‘azodagi o‘quvchilar olti oydan beri maktabga bormayapti", dedi BAPOR chorshanba kuni BMT ishtirokidagi hisobot e’lon qilingandan so‘ng. Tashkilot taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning 7 oktyabriga qadar maktablarda 625 mingdan ortiq o‘quvchi, 22 ming nafar o‘qituvchi bo‘lgan.

Hisobotda, shuningdek, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 320 dan ortiq maktab binolari ko‘chirilganlar tomonidan boshpana sifatida foydalanilgani qayd etilgan. Ushbu ob’ektlarning 188 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbaga uchragan yoki yo‘q qilingan.

Hisobot mualliflarining aytishicha, mojaro tugaganidan keyin G‘azodagi maktablarning kamida 67 foizi "ishini davom ettirish uchun to‘liq rekonstruksiya yoki qayta tiklanishni talab qiladi".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!