Ispaniya qiroli va qirolichasi Valensiyada loybo‘ron bilan qarshi olindi
Suv toshqinidan katta zarar ko‘rgan Valensiya chekkasidagi Payporta shahriga tashrif buyurgan qirol va qirolichaga mahalliy aholi vakillarining bir qismi norozilik sifatida loy va tosh uloqtirishgan. Bu haqda “Meduza” nashri xabar bermoqda.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniyada suv toshqinlari oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan.
Mamlakat qiroli Filipp va qirolicha Letisiya vaziyatni shaxsan baholash uchun Valensiyadagi suv toshqini hududiga tashrif buyurgan. Qirol va qirolichaga bosh vazir Pedro Sanches va viloyat rahbari Karlos Mason hamrohlik qilgan.
Biroq qirollik juftligi olqish bilan emas, balki loy, tosh va tayoqlar bilan qarshi olingan. Namoyishchilar “Qotillar!” deb hayqirgan va qirol oilasidan shu vaqtgacha qayerda bo‘lganini, nega oldinroq kelmaganini so‘ragan.
Qo‘riqchilar tashrifni to‘xtatib, qirolni xavfsiz joyga olib chiqishga uringan, biroq bu muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Olomon qirol juftligining ketishiga yo‘l qo‘ymagan.
Voqea joyida olingan surat va videolarda monarxlarning yuzlari va kiyimlari loyga belanganini ko‘rish mumkin. Polisiya vaziyatni nazorat ostiga olish uchun otliq zobitlardan foydalangan.
Davlat rahbarining suv toshqinidan zarar ko‘rgan Chiva shahriga rejalashtirilgan tashrifi bekor qilindi. Mahalliy OAVning yozishicha, qirollik korteji Payportani tark etar ekan, namoyishchilar mashinalardan birini soyabon bilan urgan va ortidan tosh ham uloqtirishgan.