Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan ajratilishi mumkin
Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha yordam endi nafaqat Ijtimoiy reestrdagi oilalarga, balki oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravarigacha bo‘lgan oilalarga ham beriladi. Bu yordamni to‘lash muddati 2029 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.
2026/2027 yilgi isitish mavsumida, jumladan, joriy yilning noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Mablag‘ 2026 yil 30 noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy karta yoki bank kartasiga o‘tkaziladi.
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kommunal xarajatlarni qoplash, kommunal qarzdorlikni yopish hamda ko‘mir va boshqa yoqilg‘i xarajatlarini qoplash uchun beriladigan yordam ham MIXning 2 baravarigacha daromadi bo‘lgan oilalarga tatbiq etiladi.
Markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun daromad mezoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda MIX 2 baravari, Toshkent shahrida esa 3 baravari etib belgilanmoqda.
Qo‘shimcha ro‘yxatni shakllantirishda birinchi navbatda boquvchisini yo‘qotgan oilalar, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari bor oilalar, nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishga muhtoj shaxslar yashovchi oilalar inobatga olinadi. Bunday ro‘yxatdagi oilalar soni tegishli tuman (shahar) bo‘yicha Reestrdagi oilalar sonining 50 foizidan oshmasligi lozim.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha kompensasiya, ko‘mir uchun yordam hamda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali beriladigan yordam olish uchun daromad mezonini MIX 2 baravarigacha oshirish taklif etilmoqda. Elektr va tabiiy gaz bo‘yicha kompensasiya muddati 2028 yil 1 aprelgacha, ko‘mir uchun yordam muddati esa 2029 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.
