Rossiya haqiqatan ham 50 mingdan ortiq harbiysini yo‘qotdimi?
Bloomberg xabariga ko‘ra, bu 2026 yil boshidan buyon Rossiya armiyasining bir oydagi eng katta yo‘qotishidir.
Rossiya armiyasi 2026 yil sentyabr oyida 50 mingdan ortiq harbiysini halok bo‘lganlar va yaradorlar sifatida yo‘qotgan. Ularning 28 ming nafargacha qismi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunday bahoni NATOning yuqori lavozimli vakili Bloomberg agentligiga bergan izohida keltirdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina armiyasining shu davrdagi yo‘qotishlari taxminan 5 ming kishini tashkil etgan.
Rossiya qo‘shinlari Ukrainada hujum harakatlarini davom ettirmoqda. Ular bo‘linmalarini Ukraina dronlari, artilleriyasi va minalari zarbalari kuchli bo‘lgan hududlarga yo‘naltirmoqda. NATO vakilining ta’kidlashicha, bu shaxsiy tarkib orasida katta yo‘qotishlarga olib kelmoqda.
Bloomberg 11 oktyabr kuni keltirgan bahoga ko‘ra, sentyabr Rossiya qo‘shinlari uchun 2026 yil boshidan buyon eng ko‘p yo‘qotish qayd etilgan oy bo‘lgan. Agentlik suhbatdoshi ma’lumotlarni oshkora muhokama qilish vakolatiga ega bo‘lmagani sababli ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan.
NATO bahosi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi keltirgan ma’lumotlarga yaqin. Ukraina tomoni sentyabr oyida Rossiya 46 230 nafar harbiysini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Biroq Ukraina statistikasi halok bo‘lganlar, yaradorlar va boshqa yo‘qotish turlarini alohida ko‘rsatmaydi.
Keltirilgan raqamlarni mustaqil ravishda tasdiqlash imkoni yo‘q. Moskva esa harbiy yo‘qotishlar bo‘yicha taqqoslash mumkin bo‘lgan batafsil statistikani e’lon qilmaydi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya urush olib borish uchun katta mablag‘ sarflashda davom etmoqda. 2026 yilda mamlakatning mudofaa xarajatlari qariyb 17 trillion rublga yetishi kutilmoqda. Bu 2025 yil oxirida e’lon qilingan dastlabki rejadan taxminan 40 foizga ko‘p.
