Er-Riyod Isroilning husiylarga qarshi harbiy hamkorlik taklifini rad etdi
Saudiya Arabistoni jamiyatda Isroil bilan hamkorlikka nisbatan salbiy munosabat paydo bo‘lishidan xavotirda. Shuningdek, rasmiy Er-Riyod Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni Falastin masalasining hal etilishi bilan bog‘lashda davom etmoqda.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Isroilning Er-Riyodni Yamanda husiylarga qarshi harbiy operasiyalarda ishtirok etishga jalb qilish taklifini rad etmoqda. Haaretz gazetasining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, AQShning vositachilik qilish va Saudiya Arabistoni roziligini olishga qaratilgan urinishlari hozircha natija bermagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, valiahd shahzoda Isroilning harbiy yordamiga qiziqish bildirmayapti. U Tel-Aviv bilan hamkorlik Saudiya jamiyatida salbiy munosabatni keltirib chiqarishidan xavotirda.
Vaziyatdan xabardor boshqa bir manbaning gazetaga aytishicha, Isroil Saudiya Arabistoni bilan harbiy hamkorlik orqali ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga umid qilmoqda. Kelajakda bu ikki davlat o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvga yo‘l ochishi mumkin.
Rasmiy Er-Riyod hozircha ushbu ma’lumotlarga munosabat bildirmagan.
Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni Falastin masalasi hal etilishi bilan bog‘lamoqda. Mamlakat Isroil bilan diplomatik aloqalarga ega emas va, xususan, mustaqil Falastin davlatini tashkil etish masalasi hal qilinmaguncha munosabatlarni normallashtirish mumkin emasligini ta’kidlab keladi.
Er-Riyodni Isroil bilan harbiy hamkorlikka jalb qilishga urinishlar Yamanda vaziyat keskinlashgani va husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlari ko‘paygani haqidagi xabarlar fonida paydo bo‘ldi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, aeroportlarga berilgan zarbalar insonlar qurbon bo‘lishiga va aviaqatnovlar izdan chiqishiga olib kelgan.
Shanba kuni Er-Riyoddagi Shoh Xolid xalqaro aeroportiga qilingan hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq kishi jarohatlangan. Ertasi kuni Saudiya Arabistoni Fuqaro aviasiyasi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu aeroportga navbatdagi hujum vaqtida Pokiston fuqarosi halok bo‘lgan, yana 11 kishi jarohatlangan.
2022 yil aprel oyida BMT vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin nisbiy tinchlik davri kuzatilgan edi. Biroq iyul oyida Yamanda husiylarning hujumlari va harbiy harakatlari yana kuchaygani xabar qilindi.
Yamandagi urush 2014 yil sentyabr oyidan beri davom etmoqda. O‘sha paytda husiylar mamlakat poytaxti San’o va bir nechta viloyatni egallab olgan. 2015 yil mart oyida esa Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalisiya xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman hukumatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mojaroga aralashgan.
